Xususan, Tojikiston Respublikasining Soʻgʻd viloyati Mastchoh tumanida yashovchi, 1976-y.t. fuqaro 10 kg 701 gr. “gashish” giyohvand moddasini kontrabanda yoʻli bilan Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududiga olib oʻtib, xufiyona joyga yashirgan vaqtida qoʻlga olindi.

Aniqlanishicha, tojikistonlik narkosavdogarlar uning kuryerlik xizmatiga 1200 AQSH dollari berishlari kerak boʻlgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha Boshqarmasi xodimlarining Chegara qoʻshinlari va Bojxona qoʻmitasi bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbiri davomida “Buxoro-Amudaryo” yoʻnalishi boʻyicha harakatlanib kelayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina Toʻrtkoʻl tumanidagi “Miskin” YPX maskanida toʻxtatildi.

Avtomashina koʻzdan kechirilganda unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan, Amudaryo tumanida yashovchi, 1968-y.t., muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bogʻliq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan fuqaro yonida 2 kg 39 gr. “opiy” giyohvand moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Maʼlum boʻlishicha, ushbu ajal ogʻusi Tojikiston Respublikasidan Buxoro viloyati hududiga kontrabanda yoʻli bilan oʻtkazilgan.

Maʼlum boʻlishicha, ushbu ajal ogʻusi Tojikiston Respublikasidan Buxoro viloyati hududiga kontrabanda yoʻli bilan oʻtkazilgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boʻyicha Boshqarmasi, viloyat bojxona boshqarmasi hamda Toshkent shahar ichki ishlar Bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Andijon viloyatining Qorasuv shahrida yashovchi, 1979-y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina poytaxt hududiga kirgan vaqtida toʻxtatilib, koʻzdan kechirildi.

Natijada uning salon qismida Qirgʻiziston Respublikasidan noqonuniy olib oʻtilgan 11.228 dona “Regapen” va 595 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning 1988 va 1991-yillarda tugʻilgan 2 nafar jinoiy sheriklari ham ushlandi.

Bundan tashqari, poytaxt hududida kuzatilgan yana bir shunga oʻxshash holatda Andijon shahrida yashovchi, 1985-y.t. fuqaro Chilonzor tumanida istiqomat qiluvchi, 1987-y.t. fuqaroga 5488 dona “Regapen” va 1188 dona “Tropikamid” dori vositalarini bergan vaqtida ularning har ikkisi ham qoʻlga olindi. Shuningdek, dorilarni qabul qilib olgan shaxsning yashash xonadonida 224 dona “Regapen” dori vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini Qirgʻiziston Respublikasidan mamlakatimiz hududiga kontrabanda yoʻli bilan oʻtkazib, Toshkent shahriga yuborgan, Andijon shahrida yashovchi, 1986-y.t. shaxs ham ushlandi.

Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 10 kg 701 gr. “gashish”, 2 kg 39 gr. “opiy” giyohvand moddalari hamda 16.940 dona “Regapen” va 1.783 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari musodara qilindi.

Hozirda mazkur holatlar boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.