Fargʻona viloyatida kuzatilgan holatda esa Rishton tumanida yashovchi, 1993-y.t. shaxsning topshirigʻiga koʻra Margʻilon shahrida istiqomat qiluvchi, 1985 va 1990-yillarda tugʻilgan ikki fuqaro Toshkent viloyatining Ohangaron tumaniga borishadi va muqaddam tojikistonlik narkokuryer tomonidan kontrabanda yoʻli bilan oʻtkazilib, xufiyona joyga yashirib ketilgan 2 kg 678 gr. “gashish” moddasini olib, ortlariga qaytishadi. Ular kelayotgan avtotransport vositasi Xizmatning Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan yoʻl harakati xavfsizligi xodimlarini jalb etgan holda Dangʻara tumanida toʻxtatilib, narkokuryerlar qoʻl olindi. Shuningdek ushbu ajal ogʻusining buyurtmachisi hisoblangan rishtonlik fuqaro ham ushlandi.
Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1983-y.t. shaxs 1 kg 883 gr. “opiy” moddasini Samarqand viloyatining Tayloq tumaniga olib kelib, 1980-y.t. fuqaroga sotayotgan vaqtida ularning ikkalasi ham DXX xodimlari tomonidan qoʻlga olindi. Shuningdek, Tojikiston Respublikasidan oʻtkazilgan ushbu narkotikning egasi - denovlik, 1985-y.t. fuqaro ham ushlandi.
Chirchiq shahrida yashovchi, 1995-y.t. fuqaro “Bek Baraka” savdo majmuasi yonida Xizmatning Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi va Bojxona qoʻmitasi xodimlari tomonidan toʻxtatilib tekshirilganda, uning yonida 926 gr. “opiy” moddasi borligi aniqlandi. Shuningdek, uning 1993-y.t. akasining Yangiyoʻl tumanidagi vaqtincha yashash xonadonidan 369 gr. “opiy” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Surishtiruv harakatlari davomida ushbu giyohvandlik vositalari muqaddam uchinchi shaxslar tomonidan Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan Toshkent viloyati hududiga oʻtkazilganligi maʼlum boʻldi.
Qashqadaryoda kuzatilgan holatda Surxondaryo viloyatida yashovchi, 1985 va 1987-yillarda tugʻilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyat sodir etganliklari uchun sudlangan ikki fuqaro 514 gr. “opiy” moddasini Denov tumanidan Koson tumaniga olib ketayotgan vaqtlarida ushlandi.
Andijon viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Xoʻjaobod tumanida yashovchi, 1990-y.t. shaxs 4480 dona “Lirika” va 895 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini 20 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtida qoʻlga olindi.
Qoʻqon shahrida qayd etilgan holatda esa 1987-y.t. fuqaroning yashash xonadonida 1160 dona “Selofen”, 60 dona “Tropikamid”, shuningdek, uning sherigi, 1985-y.t. shaxsga tegishli “Neksiya” rusumli avtomashinada 2240 dona “Regapen” va 100 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, oʻrnatilgan tartibda olib qoʻyildi.
Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida yashovchi, 1993-y.t. fuqaro muqaddam Qirgʻiziston Respublikasidan Namangan viloyatining Yangiqoʻrgʻon tumani hududiga oʻtkazilgan 1218 dona “Lirika” va 898 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini olib kelayotgan vaqtida Shirin shahrida qoʻlga olindi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.