DXX: Tojikiston va Afgʻonistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan 78 kg giyohvandlik vositasi musodara qilindi

    Giyohvandlik vositalari kontrabandasi bilan shugʻullanuvchi 1 nafar Tojikiston va 6 nafar Oʻzbekiston fuqarolaridan iborat jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi.

    Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Tojikiston Respublikasining Panjikent tumani bilan chegaradosh boʻlgan Samarqand viloyatining Urgut tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, giyohvandlik vositalari kontrabandasi bilan shugʻullanuvchi 1 nafar Tojikiston va 6 nafar Oʻzbekiston fuqarolaridan iborat jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi.

    Tezkor tadbir davomida, guruh aʼzolaridan qoʻshni davlatdan aylanma yoʻllar orqali olib kelingan 11 kg. 502 gr. “opiy” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

    Shuningdek, ulardan 2600 AQSH dollari, 12 mln. 690 ming soʻm va 850 somoni ham ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi.

    Aniqlanishicha, ular Tojikistondan keltirilgan ushbu narkotikni Oʻzbekistonda sotishni rejalashtirishgan.

    Taʼkidlash lozimki, jinoiy guruhning Urgut tumanida yashovchi 6 nafar aʼzosidan 2 nafari muqaddam aynan giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyatlari uchun sudlangan shaxslar hisoblanadi.

    Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa, 1985-y.t. Qozogʻiston Respublikasi fuqarosi toʻxtatilib, uning yuk sumkasi koʻzdan kechirildi.

    Natijada, sumka ichida 46 kg. 738 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

    Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning jinoiy sherigi boʻlgan, 1976-y.t. Tojikiston Respublikasi fuqarosi hamda haydovchilik faoliyati bilan shugʻullanuvchi, 1964-y.t. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi ham ushlandi.

    Aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositasi Afgʻonistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan.

    Bu yoʻnalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari ham tezkor tadbir oʻtkazishdi.

    Xususan, Toshkent-Fargʻona yoʻnalishida harakatlanayotgan “Jentra” rusumli avtomashina Pop tumani hududida joylashgan YPX maskanida toʻxtatilib, koʻzdan kechirildi.

    Natijada, Margʻilon shahrida yashovchi, 1996 va 2001-yillarda tugʻilgan aka-uka ketayotgan avtomashina salonida 19 kg. 885 gr. “gashish” moddasi borligi maʼlum boʻldi.

    Shuningdek, aka-ukaning jinoiy sherigi boʻlgan va boshqa avtomashinada ularni kuzatib borayotgan, Margʻilon shahrida yashovchi, 1998-y.t. shaxs ham qoʻlga olindi.

    Tergovga qadar tekshiruv davomida, ular muqaddam tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan narkotik moddalarni olib ketayotganliklari maʼlum boʻldi.

    Hozirda uchala holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

    Tergov harakatlari olib borilmoqda.