Natijada Chilonzor, Olmazor, Mirobod, Yunusobod, Yakkasaroy tumanlarida faoliyat yurituvchi dorixonalar egalari va xodimlaridan iborat jami 18 nafar shaxs kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Xususan, Mirobod tumanida joylashgan dorixonalardan birida noqonuniy sotilayotgan 399 dona «Zardeks», 49 dona «Karbamazepin-FS» va 20 dona «Tebantin» dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Chilonzor tumanidagi dorixonalarning birida oʻtkazilgan tekshiruv natijasida esa 2080 dona «Karbamazepin-FS», 434 dona «Regapen», 265 dona «Zardeks», 244 dona «Tropikamid» dori vositalari musodara qilindi.

Shuningdek, bunday dori vositalarini Toshkent shahriga olib kelib, tarqatish hamda sotish bilan shugʻullangan 22 nafar shaxs ham qoʻlga olindi.

Xususan, Mirobod tumanidagi mehmonxonalarning birida oʻtkazilgan tezkor tadbirda namanganlik 2 nafar fuqaro joylashgan xona koʻzdan kechirilganda, unda 3690 dona «Zardeks» dori vositasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Bundan tashqari, voyaga yetmagan shaxslarga bu turdagi dori vositalarini sotish bilan shugʻullanib kelgan ikki fuqaro ham qoʻlga olinib, ulardan 1 gr. «gashish», 2 dona «Zardeks», 3 dona «Karbamazepin-FS», 4 dona «Tropikamid» va 46 dona «Regapen» olib qoʻyildi.

Poytaxt hududida kuzatilgan yana bir holatda esa 1989-y.t. fuqaro 10.000 dona «Zardeks» dori vositasini 6000 AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ushlandi.

Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 5571 dona «Regapen», 14522 dona «Zardeks», 2132 dona «Karbamazepin-FS», 1162 dona «Tropikamid», 22 dona «Tebantin» kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Xorijda ishlab chiqarilgan ushbu dori vositalari kontrabanda yoʻli bilan qoʻshni davlatlar hududidan mamlakatimizga olib kirilgan.

Taʼkidlash lozimki, kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shugʻullangan ushbu fuqarolar orasida muqaddam bu turdagi qonunbuzarliklarni sodir etganliklari uchun qidiruvda boʻlgan hamda giyohvand moddalar isteʼmoliga ruju qoʻygan shaxslar ham bor.

Hozirda mazkur shaxslarni javobgarlikka tortish masalasi koʻrib chiqilmoqda.