Parij tatamilarida bo‘lib o‘tgan yilning ilk “Katta Dubulg‘a” musobaqasida besh nafar dzyudochimiz medallar hamda reyting ochkolari uchun bahs olib borishdi.

Turizm va sport vazirligi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari yilning dastlabki yirik musobaqasini 3 ta bronza medali bilan yakunladi.

Dastlab, -81 kg vazn toifasidagi dzyudochimiz Sharofiddin Boltaboyev Parij “Katta Dubulg‘a” turniri sovrindoriga aylandi. Qoraqalpoq o‘g‘loni bronza medali uchun kechgan bellashuvda kanadalik Fransis Gautiyerga qarshi tatamiga chiqdi va raqibini qo‘shimcha bo‘limda mag‘lubiyatga uchratdi.

-90 kg vazn toifasidagi dzyudochimiz Davlat Bobonov kurashsiz musobaqaning bronza medalini qo‘lga kiritdi. Tokio Olimpiadasi bronza medali sovrindorining raqibi gruziyalik Beka Griniashvili yarim finalda xansoke bahosi (jazo) olgani sababli tatamiga chiqmadi. Natijada avtomatik ravishda g‘alaba Bobonovga taqdim etildi.

Shundan so‘ng, -100 kg vazn toifasidagi dzyudochimiz Muzaffarbek To‘raboyev bronza medali uchun kechgan bellashuvda niderlandiyalik tajribali raqib Mixael Korrelni ippon bahosi evaziga mag‘lubiyatga uchratdi va terma jamoamiz hisobiga uchinchi medalni keltirdi.