“E-qaror” tizimida ilk buyruq Adliya vazirligi tomonidan qabul qilindi

    Jamoatchilikka maʼlumki, 2021-yil 1-iyuldan boshlab “E-qaror” elektron tizimi orqali hokimliklarning qarorlari qabul qilib kelinmoqda.

    Bugungi kunda ushbu tizim jamoatchilik nazorati uchun samarali mexanizmlardan biriga aylandi.

    Joriy yilning 1-yanvaridan boshlab Prezident qaroriga asosan sinov tariqasida Adliya vazirligining buyruqlari ham “E-qaror” orqali qabul qilinishi belgilangan.

    Shunga koʻra Adliya vazirligi tizimida idoraviy hujjatlarni “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilish va eʼlon qilish boshlandi.

    Kuni kecha tizim orqali qabul qilingan Adliya vazirining dastlabki buyrugʻida vazirlikning 2023-yil uchun sarf-xarajaatlar smetasini maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari) kesimidagi shakllantirish boʻyicha vazifalar belgilangan.

    Qarorga muvofiq Adliya vazirligi tizimidagi sinov natijalariga koʻra 2023-yil 1-sentyabrdan boshlab barcha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari buyruq, qaror va farmoyishlarni “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilish va eʼlon qilishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqiladi.

    Vazirlik va idoralarning maʼmuriy hujjatlarini jamoatchilik uchun ochiq tarzda qabul qilinishi ular faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatishga xizmat qiladi.

    Adliya vazirligi OAV, jurnalistlar va blogerlarni jamoatchilik nazoratini oʻrnatishdagi faolliklarini qoʻllab quvvatlaydi hamda bu borada qonun ustuvorligini taʼminlashda ularning koʻmagiga suyanadi.