Ayniqsa bu jarayonda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida yangi qiyofa kasb etmoqda. Bunday o'zgarishlar avvalambor fuqarolarimiz ko'nglida iliqlik uyg'otib, ushbu tashabbus atrofida jipislashmoqda.

Ammo, “Yashil makon” umummilliy dasturi davlatimiz rahbarining doimiy e'tiborida bo'lishiga qaramasdan, mamlakatimizda yashillikni ko'paytirish, iqlim o'zgarishlarining oldini olish, toza havo meyorini saqlash maqsadida bu yil bahor faslining o'zida 125 million tup ko'chat ekish reja qilingan bo'lishiga qaramasdan, ayrim hududlarda mas'ul shaxslarning bee'tiborigi sabab ishlar nomigagina amalga oshirilmoqda.

Kuni kecha davlatimiz rahbari boshchiligida ushbu kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish yuzasidan videoselektor yig'ilishi o'tkazildi. Yig'ilishda, joylarda haqiqatda ekilmagan jami 5 million tup ko'chatlar hisobotda qo'shib yozilgani, mutasaddilarga aprel oyida barcha qoloqliklar va kamchiliklarni to'liq bartaraf etish vazifasi yuklatildi.

Buning uchun aprel oyi yakuniga qadar viloyat hokimlari tegishli idoralar bilan birga, tumanlardagi yirik mahallalarga 20-30 ming, o'rta mahallalarga 10-15 ming, kichiklariga 3-5 ming terak qalamchalari, shaharlarning har bir mahallasiga 3-5 ming terak qalamchalari ekilishini ta'minlashi hamda avtomobil yo'llari bo'yida kamida 5 million tup terak ko'chatlari va qalamchalari ekishni tashkil qilishi vazifasi yuklatildi.

Ushbu ishlarni amalga oshirishda esa, ko'chatlarning inson salomatligiga bo'lgan allergik ta'sirini yuqotish, mevali daraxtlarni manzarali holatda parvarish qilish masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi.

Xususan, Innovatsion rivojlanish va Qishloq xo'jaligigi vazirliklariga terakning allergiya chaqirmaydigan navlarini ekish bo'yicha hududlarga ilmiy asoslangan tavsiyalar berish, Toshkent shahri tajribasi asosida 5 yoshdan kam bo'lmagan mevali va manzarali daraxtlarni tartibli bir tekisda o'stirish ta'kidlandi.

Albatta, bu raqamlarda keltirib o'tilgan ko'chatlarni ezgu maqsad yo'lida ekilishi kishilarni quvontiradi. Ammo, galdagi vazifa ushbu ko'chatlarni nobud qilsamdan parvarishlash masalasidir. Ayniqsa bugungi iqlim o'zgarishi va suv tanqisligi kuzatilayotgan hozirgi zamonda ko'chatlar parvarishiga alohida e'tibor bilan yondashish talab etiladi. Shu boisdan yig'ilishda “Yashil makon” dasturi doirasida 2022 yilning o'zida 700 kilometrdan ziyod yangi sug'orish tizimi qurib bitkazilishi, 260 ta quduqlar o'rnatilishi ma'lum qilindi.

Shuningdek, yig'ilishda inson qadrini ulug'lash va xalq roziligini ta'minlashda muhim bo'lgan ichki yo'llar holatini yaxshilash, davlat xizmatlari ko'rsatishni soddalashtirish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, fevral va mart oylarida o'tkazilgan “Tashabbusli byudjet” portali orqali aholidan tushgan 20 mingta yoki jami takliflarning 25 foizi ham aynan ichki yo'llarni yaxshilash bilan bog'liqligi ekanligi ta'kidlanib, g'olib deb topilgan 2 215 ta loyihaga qo'shimcha, har biri 2 mingdan ortiq ovoz to'plagan, lekin g'olib deb topilmagan 139 ta loyihani amalga oshirish uchun qo'shimcha ravishda respublika byudjetidan 85,4 mlrd so'm mablag' ajratilishi belgilandi.

Shuningdek, aholiga davlat xizmatlaridan foydalanishda qulaylik yaratish maqsadida 1 iyuldan boshlab, 38 turdagi davlat xizmatlari uchun elektron imzo bilan tasdiqlash talabi bekor qilinib, mobil telefon orqali amalga oshirilishi ma'lum qilindi.

Shu bilan birga, 6 turdagi litsenziya olish uchun talablar bekor qilinishi, aholi va tadbirkorlar uchun 8 dan ortiq davlat xizmati bo'yicha elektron xabardor qilish tizimi joriy etilib, aholi va tadbirkorlardan kommunal tashkilotlarning 32 turdagi hujjat va ma'lumotnomalarini talab qilish bekor qilinishi ta'kidlandi. Yig'ilishda har yili yoshlarimizni oliy ta'lim muassasasiga o'qishga hujjat topshirish jarayonida ko'tariladigan to'lov masalasiga ham alohida e'tibor qartilib, ehtiyojmand oilalar farzandlari oliygohlarga kirishda test sinovlarida ishtirok etish to'lovlaridan ozod etilishi ma'lum qilindi.

Umuman olganda, yig'ilishda belgilab berilgan vazifalarni hayotga tadbiq etilishi, avvalambor aholimizga kundalik turmush tarzida yanada ko'proq qulaylik yaratish imkonini, shu bilan birga, shahar va qishloqlarimiz qiyofasi yanada yaxshilanib, mamlaktimizda yashil hududlar kengayishini ta'minlashda muhim bosqich bo'lib xizmat qiladi.

Muzafara Abdiyeva,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati