Koʻngil soʻrash xalqimizga xos qadriyat. Navoiy kon-metallurgiya kombinati ijtimoiy masʼuliyatni zimmasiga olib, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, yolgʻiz keksalar, bolajonlarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratmoqda. Yangi yil bayrami munosabati bilan kombinat maʼmuriyati va kasaba uyushmasi Kengashi hamkorligida xayrli ishlar amalga oshirilyapti.

Xususan, bayram oldidan korxona tomonidan 1,5 mingta ehtiyojmand oilalarga gʻamxoʻrlik koʻrsatilib, 16 turdagi oziq-ovqat jamlanmalari tarqatilyapti.

Shuningdek, “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida Zarafshon, Gʻozgʻon shaharlari, Uchquduq, Tomdi va Nurota tumanlaridagi 14 ta mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi 200 ta ehtiyojmand oila va ularning farzandlariga Yangi yil sovgʻasi va kitoblar toʻplamlari hamda oziq-ovqat jamlanmalari tuhfa etilmoqda.

Kuni kecha “NKMK” AJ vakillari Gʻozgʻon shahrining “Shayxon” va “Marmarobod” mahallalaridagi ehtiyojmand oilalar holidan xabar oldilar.

Bayram kunlarida ehtiyojmand oilalarga gʻamxoʻrlik koʻrsatib kelayotgan davlatimiz rahbariga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman. Quvonarlisi, shu kunlarda bir guruh kombinat vakillari mahalla faollari hamrohligida xonadonimizga kelib, bayram bilan tabriklagani va oziq-ovqat toʻplamlarini ulashgani oilamizga xursandchilik bagʻishladi. Buning uchun barcha tashkilotchilarga katta rahmat, — deydi Gʻozgʻon shahri “Shayxon” mahallasida yashovchi Nilufar Husaynova.

Bir soʻz bilan aytganda, amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli ishlar mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlashga xizmat qiladi.

“NKMK” Matbuot xizmati.