Ehtiyojmand qatlam eʼtibor markazida

    Ijtimoiy hayot 19 Dekabr 2022 872

    24 ta vazirlik va idora rahbarlaridan tarkib topgan Respublika Ishchi guruhi oʻz faoliyatini Namangan viloyati Kosonsoy tumanida davom ettirmoqda.

    Guruh aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni oʻrganish hamda hal etish uchun sektorlar va mahallalar kesimida “xonadonbay” ish tashkil etdi.

    Oʻrganishlar davomida alohida eʼtibor aholi bandligini taʼminlash hamda ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli ogʻir boʻlgan himoyaga muhtoj aholi qatlamiga amaliy koʻmak koʻrsatishga qaratilmoqda.

    Xususan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida tumanda mavjud ehtiyojlardan kelib chiqib 51 ta loyihaga 1,2 mlrd. soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari ajratildi, 50 nafar fuqarolarga 178 mln. soʻm subsidiya mablagʻlariga asbob-uskuna va mehnat qurollari olib berildi.

    Yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish maqsadida 7 nafar yoshlarga 21 mln. soʻm begʻaraz yordam koʻrsatildi. Jumladan, “Yangi yoʻl” mahallasida yashovchi H.Tojixonovga tadbirkorlik bilan shugʻullanishi uchun payvandlash uskunasi topshirildi.

    Ehtiyojmand, boquvchisini yoʻqotgan 3 nafar xotin-qizlarga 5 milliondan ziyod yordam koʻrsatildi. Jumladan, “Jomiy” mahallasida yashovchi M.Abduhamidova, “Chorbogʻ” mahallasida yashovchi M.Ashurova hamda “Bogʻi baland” mahallasida yashovchi N.Xayitovalarga homiylik asosida kerakli yordamlar koʻrsatildi.

    Shu bilan birga, 395 nafar fuqarolar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Kasallik aniqlangan 25 nafar bemorlar tuman, viloyat shifoxonalariga yotqizilib, 4 nafari repsublika shifoxonalariga davolanish uchun navbatga qoʻyildi. 30 nafar nogironligi boʻlgan shaxslarga reabilitatsiya vositalari, elektron va oddiy nogironlik aravachalari bepul etkazib berildi.

    Xalq taʼlimi vazirligi hamda Sportni rivolantirish vazirligi tomonidan Mahdumi Aʼzam mahallasidagi sport maktabida “Boks” va “Taekvando” bilan shugʻullanuvchi yoshlarga sport jihozlari taqdim etildi.

    Shu kunga qadar Kosonsoy tumanining 59 ta mahallasida 24 minnga yaqin xonadon oʻrganilib, 3,8 mingdan ziyod muammolar aniqlandi. Ularning 40 foizi oʻz ichimi topdi, qolgan masalalar boʻyicha ishlar nazoratga olindi.

    Ishlar davom ettirilmoqda.