Ehtiyojmand xotin-qizlardan OTMlarda oʻqish uchun tavsiyanomaga arizalar qabuli boshlandi

    Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga OTMlarga kirishga tavsiyanoma olish uchun arizalar qabuli boshlandi. Talabgorlardan arizalar 30-maydan 8-iyunga qadar xotin-qizlar.uz platformasi orqali elektron shaklda qabul qilinadi.

    Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berishicha, talabgorlardan arizalar 30-maydan 8-iyunga qadar xotin-qizlar.uz platformasi orqali elektron shaklda qabul qilinadi.

    Respublika oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida oliy maʼlumot olish istagida boʻlgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning tanlovda ishtirok etishi uchun tavsiyanoma quyidagi mezonlar asosida beriladi:

    • kam taʼminlangan oilalardagi xotin-qizlar. Bunda kam taʼminlangan oila deganda, oilaning har bir aʼzosiga jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 0,5 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda toʻgʻri keladigan bir oylik oʻrtacha jami daromadga ega boʻlgan oila tushuniladi;
    • toʻliqsiz oilada tarbiyalanayotgan, yaʼni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
    • turmush oʻrtogʻi vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolgʻiz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
    • nogironligi boʻlgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
    • ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolgʻiz ayollarning qiz farzandlari;
    • ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi boʻlgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.

    Tavsiyanoma yuqoridagi mezonlarga mos kelgan, shuningdek, umumiy oʻrta taʼlim (11-sinf negizida) yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasini tugatgani haqidagi hujjatga ega boʻlgan ehtiyojmand oilalardagi barcha talabgor xotin-qizlarga beriladi.