Yuzlab fuqarolar huquqlari tiklandi

    Mamlakatimizda 7 Noyabr 2023 688

    Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhining navbatdagi ommaviy qabullari Samarqand viloyatida tashkil etildi.

    Qabullar Samarqand va Kattaqoʻrgʻon shaharlari, Toyloq va Payariq tumanlarida oʻtkazilib, muloqotlar davomida sud-huquq masalalarida aholini qiynab kelayotgan muammolarga yechim izlandi, ularni bartaraf etish choralari koʻrildi.

    Xususan, viloyat sudlari tomonidan oʻtkazilgan qabullar davomida 142 nafar fuqarolarning murojaatlari koʻrib chiqildi. Murojaatlarning 105 tasi boʻyicha huquqiy tushuntirishlar berildi, 25 tasi joyida ijobiy hal etilib, 12 ta shikoyat va arizalar qonuniy koʻrib uchun qabul qilindi.

    Qabullar davomida jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan oʻtkazilgan sayyor tartibdagi sud jarayonlarida taqdimnoma va iltimosnomalar asosida ozodlikdan mahrum qilish va axloq tuzatish ishlari jazosini oʻtayotgan 70 nafar mahkum jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi, 19 nafar mahkumning oʻtalmay qolgan jazosi yengilrogʻi bilan almashtirildi.

    Viloyat prokuratura organlari tomonidan ham jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari atroflicha koʻrib chiqildi. Kattaqoʻrgʻon shahri hamda Toyloq tumanida oʻtkazilgan sayyor qabulda 50 nafardan ortiq fuqarolar yillar davomida oʻzini qiynab kelayotgan aliment undirish, kredit toʻlovi, firibgarlik, ishsizlik, oilaviy kelishmovchilik, sud qaroridan norozilik kabi masalalar boʻyicha masʼullarga murojaat etishdi.

    Masalan, Past Dargʻom tumani “Eski Juma” mahallasida yashovchi Zarifa Qoʻldosheva ipoteka krediti olib, ayni paytda ishsizligi tufayli uni toʻlay olmayotgani, uyi esa onlayn auksion savdoga chiqarib yuborilgani, qolaversa, Rossiya Federatsiyaga chiqib ketgan sobiq turmush oʻrtogʻi aliment toʻlovini amalga oshirmayotganidan shikoyat qilib, muammolariga qonuniy yechim topishda amaliy yordam suradi.

    Zarifa Qoʻldoshevaning murojaati batafsil oʻrganildi va uning qarzdorligini toʻlashda, alimentini undirib berishda, oʻzini esa ishga joylashtirishda amaliy yordam beriladigan boʻldi.

    Kattaqoʻrgʻon shahrida yashovchi Muharram Tojiyeva va Nigora Aripovalar esa tijorat bankidan tikuv mashinasi sotib olish uchun olgan kredit mablagʻlarini naqdlashtirib, oʻz ehtiyojlari uchun ishlatgani bois ularning bu hatti-harakati sudda koʻrib chiqilgan. Ular tomonidan kredit mablagʻlari toʻlovlari toʻlanganligi sabab jinoyat ishining ularga tegishli boʻlgan qismini tugatishni soʻrab prokuratura masʼullariga murojaat qildi. Ularning murojaati qanoatlantirildi.

    Ichki ishlar idoralari masʼullari bilan muloqotlarda fuqarolarni qiynab kelayotgan surishtiruv va tergov, ishga tiklash va kirish, xodimlarning nooʻrin hatti-harakatidan norozilik kabi koʻplab masalalarga yechim topildi.

    Masalan, Rustam Yangiboyev ichki ishlar boshqarmasi boshligʻiga avtomashina oldi-sotdisi boʻyicha muammoli holatga qonuniy yechim topishda koʻmak soʻragan boʻlsa, Dilafroʻz Odilova himoya orderi olish, Zokir Tursunov esa muddatidan oldin probatsiya nazoratidan chiqarish yuzasidan murojaat qildi. Har bir murojaat oʻrganilib, ular qonuniy hal etiladigan boʻldi.

    Adliya idoralari masʼullarining fuqarolar uchun oʻtkazgan qabullari davomida esa bandlik, tadbirkorlik, yer-mulk, uy-joy, solik tulovlari hamda nikohni qayd etish bilan bogʻliq muammolar boʻyicha murojaatlar kelib tushdi.

    Masalan, Obid Joʻrayev va Zohid Ochilov uzoq yillar mobaynida foydalanilmagan mehnat taʼtillari, ishdan noqonuniy boʻshatilgani, Hafiza Roʻziyeva 16 yildan beri ijarada yashashi, farzandlariga aliment undira olmayotgani, ijtimoiy uy olishda yordam berishni, Roziya Normatova noqonuniy qurilish bilan bogʻliq muammo yuzasidan, Xurniso Eraliyeva esa homiladorlik tugʻruq taʼtilidan qaytgach ishga tiklanmayotganidan norozi boʻlib yordam soʻradi. Barcha masalalar masʼullar ishtirokida oʻrganildi va yechim topildi.

    Samarqand viloyatida oʻtkazilgan ommaviy qabullarda soliq, bojxona idoralari masullariga kelib tushgan murojaatlar tahliliga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, fuqarolardan asosan tadbirkorlik faoliyatiga ruxsat olish, mahsulotlar eksporti, soliq qarzdorliklarini toʻlash masalalaridan murojaatlar kelib tushdi.

    Aytaylik, Pastdargʻom tumaning “Yuqori Bogʻonali” MFYda yashovchi bir necha nafar fuqaro soliq toʻlovlari boʻyicha muammo yuzaga kelganligi va uni qonuniy hal etilishi uchun viloyat soliq boshqarmasi rahbariga murojaat etdi. Ushbu masala oʻrganilib, muammo shu yerning oʻzida ijobiy hal etildi.

    Samarqand viloyatida sud-xuquq masalalari boʻyicha oʻtkazilgan muloqotlar davomida 519 nafar fuqarolarning 533 ta masalasi koʻrib chiqildi. Murojaatlarning 137 tasi joyida hal etildi, 217 nafar murojaatchiga huquqiy tushuntirishlar berildi, 179 ta murojaatni qoʻshimcha oʻrganish uchun vaqt talab etilganligi sababli koʻrib chiqilishi nazoratga olindi.