Toshkentning qish mavsumiga tayyorgarligi oʻrganilmoqda

    Ijtimoiy hayot 1 Dekabr 2023 839

    Qishning birinchi oyi ham boshlandi. Hademay, havo harorati pasayib, sovuq kunlar boshlanadi. Shu sababli davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhi har bir hududda qishga tayyorgarlik holatini sinchiklab oʻrganmoqda, aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etmoqda.

    Ana shunday oʻrganishlardan biri Toshkent shahrining Olmazor tumani “Olimpiya” mahallasida amalga oshirildi. Hududda joylashgan koʻp qavatli uylar, ijtimoiy soha obyektlari koʻzdan kechirildi.

    Kelayotgan mavsumga puxta tayyorgarlik koʻrish, jumladan, elektr, gaz, suv taʼminoti, isitish tizimlarining barqaror ishlashi maqsadida tegishli tashkilot masʼullariga tavsiyalar hamda amaliy koʻmak berildi.

    Xususan, “Sogʻbon” podstansiyasida taʼmirlash ishlari koʻzdan kechirilib, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent shahar filiali uchun birlamchi zarur ijtimoiy soha obyektlari va aholi punktlariga elektr energiyasini uzluksiz yetkazish hamda avariyaviy holatlarni oldini olish maqsadida, qoʻshimcha dizel generatorlari, kerakli asbob-uskunalar olib kelinishi taʼminlandi.

    Shu bilan bir qatorda oʻrganishlar davomida “Olimpiya” mahallasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan ham tanishildi. Respublika ishchi guruhi vakillari tomonidan “Yashil makon” dasturi doirasida mahalla hududida mevali daraxt koʻchatlari ekildi.

    Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.