Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, RXDU hamda “World Skills Russia” oʻrtasida imzolangan uch tomonlama memorandum doirasida Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahridagi Ural arxitektura va tadbirkorlik kollejida oʻquv kursini tugatib, yakuniy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan bir guruh oʻzbekistonlik mehnat migrantlariga oʻquv muassasasining diplomlari topshirildi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Yekaterinburgdagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan diplom topshirish marosimida Oʻzbekiston Respublikasining Yekaterinburg shahridagi bosh konsuli A.Xatamov, Sverdlovsk viloyati Taʼlim va yoshlar siyosati vazirligi departament rahbari A.Shavaliyev va boshqa hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida 13 nafar yurtdoshimiz kollejdagi soʻnggi texnologiyalar bilan tanishtirilib, ularga shahodatnoma va “World skills” standartlari asosida oʻqiganlikni tasdiqlovchi va malaka darajasini koʻrsatuvchi “Skills passport” (malaka pasporti) berildi.
Endilikda mutaxassislik sertifikatiga ega boʻlgan yurtdoshlarimiz ushbu yoʻnalishda rasmiy mehnat qilish imkoniyatiga ega boʻladi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.