Yekaterinburgdagi “Innoprom” xalqaro sanoat koʻrgazmasida Fargʻona viloyati stendi ishtirokchilar eʼtiborida

    Biznes 6 Iyul 2021 1253

    Rossiyaning Yekaterinburg shahrida ish boshlagan “Innoprom” xalqaro sanoat koʻrgazmasida Fargʻona viloyati stendi katta eʼtibor qozondi.

    Rossiyaning Yekaterinburg shahrida “Innoprom” xalqaro sanoat koʻrgazmasi ish boshladi. “Yekaterinburg — Ekspo” koʻrgazmalar majmuasida tashkil etilgan hamda 8-iyulgacha davom etadigan tadbirda Fargʻona viloyati ham oʻz stendi bilan ishtirok etyapti.

    Viloyat hokimining oʻrinbosari – viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi Iqboljon Ergashev boshchiligidagi delegatsiya koʻrgazma ishida qatnashish hamda 4 kun davomida tashkil etiladigan konferensiya va seminarlarda ishtirok etish, ishtirokchi mamlakatlar hududlari bilan toʻgʻridan toʻgʻri hamkorlik aloqalarini oʻrnatish uchun Yekaterinburgda boʻlib turibdi.

    “Moslashuvchan ishlab chiqarish” shiori ostida boʻlib oʻtayotgan koʻrgazmaning ochilish marosimiga Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin tashrif buyurdi.

    Rossiya, Yaponiya, Germaniya, Italiya, Vengriya, Belorus kabi mamlakatlarning ilgʻor sanoat korxonalari ishtirok etayotgan koʻrgazma 40 ming kvadrat metr maydonda tashkil etilgan.

    Fargʻona viloyati stendi ishtirokchilar tomonidan katta eʼtibor topyapti, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.