ZOOM platformasi orqali tashkil etilgan yig'ilishni Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev boshqardi. Unda sektorlar rahbarlari, tegishli boshqarma va tashkilotlar, ta'minotchi korxonalar mas'ullari, agroklasterlar hamda fermer xo'jaliklari rahbarlari qatnashdi.
Muloqotda chigit ekishni sifatli amalga oshirish uchun otryadlarga biriktirilgan barcha texnikalar, agregatlar va ekish seyalkalarini dalaga olib chiqib, tuproq etilgan maydonlarda zudlik bilan amaliy ishlarni jadallashtirish kerakligi ta'kidlandi.
Yig'ilishda maydonlarni gektariga kamida 250 kgdan fosforli, 100 kgdan kaliyli va 100-150 kgdan azotli mineral o'g'itlar bilan to'yintirish, mineral o'g'itsiz chigit ekilishiga yo'l qo'ymaslik lozimligiga e'tibor qaratildi.
— Barakali xirmonning zamini hozirdan puxta bo'lishi kerak. Bu yildan boshlab urug' ekishga tayyorlangan va chigit ekib bo'lingan maydonlarni sertifikat asosida qabul qilib olish tizimini joriy etamiz, — dedi Zoyir Mirzayev.
Mart oyida odatdagidan ko'p yog'ingarchilik kuzatilgani, dala ishlarini tashkil etishda biroz vaqt yo'qotilganidan kelib chiqib, bahorning ochiq ob-havoli kunlaridan samarali foydalanib, ishni tizimli olib borish yuzasidan tuman hokimlariga alohida topshiriq va tavsiyalar berildi. Joylardan mas'ullarning masalaga doir hisobotlari eshitildi.
Toshkent viloyati hokimligi
Axborot xizmati