Bugun, 28-oktyabr kuni soat 06:58 da Toshkent shahar Shayhontohur tumani “Boʻston” MFY, Beruniy koʻchasida joylashgan “Ekobozor” majmuasida yongʻin sodir boʻlayotganligi toʻgʻrisida shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushgan. 

Shunga koʻra 5 ta yongʻin-qutqaruv ekipaji soat 07:04 da voqea joyiga yetib borib, yongʻin soat 07:19 oʻrab olingan va soat 07:26 da oʻchirilgan. 

Yongʻin oqibatida savdo majmuasining 80 kv.m tashqi devor qoplamasi qismi va shu joydagi kafening 70 kv.m maydonida ichki va tom qismi yonib zararlangan. Qutqaruvchilarning tezkor harakatlari natijasida savdo majmuasining 7000 kv.m maydoni yongʻindan saqlab qolingan, deyiladi favqulodda vaziyatlar vazirligi axborotida. 

Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok boʻlganlar yoʻq.

Yongʻin sababi va moddiy zarari aniqlanmoqda.