баннер
24 Apr 2025
23:49

    Ekologik ekspertiza xulosasini olmagan korxona faoliyati toʻxtatildi

    Andijon viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan Xoʻjaobod tuman Xidircha MFY sanoat hududida joylashgan “SHANS” MCHJda Prezident huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devoni ruxsatnomasiga asosan xizmat tekshiruvi oʻtkazildi.

    Tekshirish jarayonida ohak pishirish pechida tabiiy gaz yonishidan hosil boʻladigan moddalarni ushlab qoluvchi chang-gaz tozalash uskunasi (filtr) yaxshi ishlamasligi, buning natijasida atmosferaga tashlanayotgan tashlanmalar miqdori meʼyoridan ortiqcha ekanligi aniqlandi va korxona rahbariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 86-moddasi 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 3 (uch) barobari miqdorida maʼmuriy jarima qoʻllanildi.

    Biroq korxona rahbari ushbu choradan keyin ham tegishli xulosa chiqarmadi, yaʼni chang-gaz tozalash uskunalarini yangisi bilan almashtirmadi va aholining noroziligiga sabab boʻldi. “SHANS” maʼsuliyati cheklangan jamiyati yuborilgan talabnomani ham eʼtibordan chetda qoldirdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 25-moddasiga muvofiq, davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini olmagan korxona va tashkilotlarning faoliyat yuritishlari mumkin emas.

    Qonun talablariga boʻysunmaganligi, davlat ekologik ekspertizasi ijobiy xulosasini olmasdan faoliyat yuritib kelayotganligi uchun Xoʻjaobod tumanida joylashgan “Shans” MCHJ faoliyati Xoʻjaobod tumanlararo iqtisodiy sudi qaroriga asosan ekspertizaning ijobiy xulosasini olgunga qadar vaqtinchalik toʻxtatildi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech