Ekologiya vazirligi dam olishga chiqqan fuqarolarni turli ekologik huquqbuzarlik sodir etmaslikka chaqirdi

    Ayni damda kunlar isib, hamyurtlarimizning shahar chekkalarida, ochiq hududlarda dam olish holatlari koʻpaymoqda.

    Bu esa oʻz navbatida ayrim koʻngilsiz holatlarga sabab boʻlmoqda, yaʼni dam olish maskanlarida chiqindilarni tashlab ketish, Qizil kitobga kiritilgan oʻsimliklarni uzish, olov yoqish, atrof-muhitni ifloslantirish holatlari koʻpaymoqda.

    Shu munosabat bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi dam olishga chiqqan hamyurtlarimizni quyidagilarga amal qilishga chaqiradi:

    — hosil boʻlgan maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish;

    — kul va yonuvchi moddalarni oʻchirish;

    — yashil zonalarda oʻsimliklarni payxon qilmaslik;

    — Qizil kitobga kiritilgan oʻsimliklar, jumladan, lolalarni noqonuniy termaslik;

    — yovvoyi hayvonlarga duch kelganda ortiqcha harakat qilmaslik, ularga ozor bermaslik.

    Yuqoridagi kabi holatlar kuzatilsa, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan jazo choralari qoʻllaniladi.

    “Dam olish maskanlarida turli ekologik huquqbuzarlik holatlariga duch kelsangiz, bu haqda Ekologiya vazirligi (71 207-11-07), Ichki ishlar organlari yoki Milliy gvardiyaga murojaat qiling. Unutmang, atrof-muhit muhofazasi uchun barchamiz birdek masʼulmiz”, deyiladi xabarda.