Bugun fan, taʼlim, madaniyat, turizm, sport  va  maʼnaviyat masalalari boʼyicha ekspertlar bilan muloqot boʼlib oʼtdi. Unda Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi Oʼzbekistonning eng yangi tarixi masalalari boʼyicha muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz ilmiy xodimi F.Oʼsarova, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori I.Saifnazarov, INHA universiteti rektori M.Jalolov, shuningdek, OAV vakillari va yoshlar ishtirok etdi.

Muloqotda fan, taʼlim, madaniyat, turizm va maʼnaviyat sohalari boʼyicha shu kunga qadar boʼlgan oʼzgarishlar, yangiliklar, qonun hujjatlari tanishtirildi.

Ismoil Saifnazarov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori:

– Mamlakatimizda yaqin yillar ichida taʼlim sohasida misli koʼrilmagan yutuqlarga erishildi. Birgina maktabgacha taʼlimni olaylik. Unga qaratilgan eʼtibor tufayli alohida vazirlik tuzildi. Maktab taʼlimida 11 yillik oʼqitish tizimiga oʼtildi. Taʼlim sohasida uzluksizlik paydo boʼldi. 2017 yil sentabr oyidan boshlab talabalar paxta terimlariga chaqirilmay taʼlim olish uchun yoʼnaltirildi,  shuningdek, oʼqituvchilarga ham qator qulayliklar yaratib berildi. 

INHA rektori Muzaffar Jalolov ham bugungi kunda oʼqituvchilarning mavqeiga eʼtibor kuchaygani, universitetlar soni 2,5 barobarga oʼsgani, nodavlat oliy taʼlim muassasalari soni sezilarli oshganini, ular qoshida IT parklar, Inkubatsiyalar markazlari, Startap loyihalar toʼgʼrisida soʼz yuritdi.

Maʼlumot oʼrnida: F.Oʼsarova ilm bilan shugʼullanayotgan ayollar soni bugungi kunga kelib 40% dan oshganini takidlab oʼtdi.

Muloqot soʼnggida kuzatuvchilar oʼzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

 

Suhrob TUGALOV