Islohotlar muvaffaqiyatini taʼminlovchi muhim yoʻnalishlardan biri iqtisodiyotni raqamlashtirishdir. Shu bois, raqamli iqtisodiyotga faol oʻtish kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalar sirasiga kiritilgan. Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, balki ortiqcha xarajatlarni qisqartiradi va korrupsiyaning oldini oladi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, raqamli iqtisodiyot noldan boshlab yaratilishi lozim boʻlgan qandaydir boshqacha iqtisodiyot emas. Bu yangi texnologiyalar, platformalar va biznes modellar yaratish va ularni kundalik hayotga joriy etish orqali mavjud iqtisodiyotni yangicha tizimga koʻchirish deganidir.

Taraqqiyot strategiyasining uchinchi yoʻnalishida raqamli iqtisodiyotni asosiy drayver sohaga aylantirib, hajmini kamida 2,5 baravar oshirish va eksportni 500 million dollarga yetkazish maqsadi belgilangan. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami keng. Ularning asosiy jihatlari odamlarning ogʻirini yengil qilish, raqamli qulayliklarni soddalashtirish, eng zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan.

YUKSALISHNING ENG QISQA YOʻLI

Nodir JUMAYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, iqtisodiyot fanlari doktori, professor:

— Taraqqiy etgan davlatlar qatoriga qoʻshilishimiz uchun, eng avvalo, ilgʻor zamonaviy axborot-kommunikatsiya, internet hamda raqamli texnologiyalar sohasidagi bilimlarni chuqur egallash orqali yuksalishning eng qisqa yoʻlidan borish kerak. Negaki, biz geografik joylashuvimizga koʻra, quruqlik orqali yirik suv havzalaridagi portlarga chiqishimiz uchun kamida ikki davlat chegarasidan oʻtishimizga toʻgʻri keladi. Bu vaqt nuqtayi nazaridan ham, iqtisodiy jihatdan ham jahon bozoridagi oʻrnimizga salbiy taʼsir qilishi bor gap. Buning yechimi aql-zakovat, yangi innovatsiyalar va malakali kadrlar salohiyati bilan bevosita bogʻliq.

Tabiiyki, bugun IT parklarda 11 mingdan ziyod yosh ishlayotgani, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida oʻqib chiqqan yigit-qizlar soha kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratayotgani barchamizni mamnun etadi.

Yana bir muhim jihat — mamlakatimizda aholi eng koʻp toʻqnash kelayotgan sohalarni raqamlashtirish, odamlarning ogʻirini yengil qilishga ustuvorlik berilyapti. Jumladan, sogʻliqni saqlash, kadastr, ijtimoiy himoya, qishloq xoʻjaligi, taʼlim yoʻnalishlarini raqamlashtirish boʻyicha amaliy jarayonlar boshlandi va bu ijobiy samaralarini bermoqda. Xususan, aholi maskanlarini mobil internet bilan qamrab olish darajasi 2017-yilda 30 foiz boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda 96 foizni tashkil etmoqda. Yoki 2017-yilda sohadagi eksport hajmi bor-yoʻgʻi 600 ming dollarni tashkil etgan boʻlsa, oʻtgan yili 46 million dollarga, joriy yilning birinchi choragida esa 16 million dollarga yetgan.

Raqamlashtirishning kundalik hayotimizda doimiy oʻrin egallashi uchun tizimli yondashuv lozim. Salkam oʻn yildan buyon elektron hukumat tizimini rivojlantirishga intilib kelamiz. Samaralar esa faqatgina soʻnggi yillarda koʻzga tashlana boshladi. Birgina bank plastik kartasi misolida olaylik. Ilgarilari bank kartalarida mablagʻ boʻlsa-da, undagi pulni sarf qilish yoki naqdlashtirish imkoniyati juda ayanchli holatda edi. Endi esa bank mijozlari onlayn xaridlarni amalga oshirish, mobil qurilmalar yordamida pul mablagʻlarini erkin oʻtkazish imkoniyatiga ega.

Tabiiyki, mazkur holatlarni ijobiy baholash, eʼtirof etish mumkin. Chunki raqamlashtirishga oid dasturlar xalqimiz, qolaversa, tadbirkorlarimiz xohish-istaklarini toʻgʻri anglash imkonini beradi.

Biroq ayrim muammolar borki, ularning yechimini qisqa fursatda hal qilish lozim. Birinchidan, raqamlashtirish “maʼlumotlar ombori”dir, ular juda katta hajmdan iborat. Ulkan maʼlumotlar oqimini saqlash va qayta ishlash boʻyicha turli platformalarni kengaytirish zarur. Ikkinchidan esa mazkur dasturlar ijrosini taʼminlashda amalga oshirish mexanizmlari va moliyalashtirish manbalari koʻrsatilgan, ularning monitoring jarayonida jamoatchilik nazorati kuchaytirilishi muhimdir.

Prezidentimizning 2021-yil 17-fevraldagi “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizda bu boradagi innovatsiyalarni iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga joriy etish uchun zarur shart-sharoitlarni shakllantirishda muhim qadam boʻldi. Chunki qarorda huquqiy rejim, institutsion asoslar, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish, xalqaro va milliy standartlar, sunʼiy intellekt joriy qilinadigan ustuvor soha va tarmoqlar, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari qamrab olingan.

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish orqali xalqimiz farovonligini taʼminlaydigan yorqin kelajakni koʻzlar ekanmiz, sunʼiy intellektni joriy qilish uchun zarur sharoitlarni yaratish, shubhasiz, bugungi kunning dolzarb va ustuvor vazifasidir.

KUZATUVLARNI OʻTKAZISH VAQTI 10, HISOBOTLARNI QAYTA ISHLASH 2 BAROBAR QISQARDI

Zohidjon ZIYAYEV, Davlat statistika qoʻmitasi raisi oʻrinbosari:

 

— Soʻnggi yillarda hayotimizning barcha jabhalariga raqamli texnologiyalar jadallik bilan kirib borishi tufayli yangi koʻrinishdagi iqtisodiy muhit, yaʼni raqamli iqtisodiyot ekotizimi vujudga kelmoqda.

Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va hududlarda raqamli iqtisodiyotning rivojlanish jarayonlari va holatini kuzatish, natijalarini koʻrsatkichlarda aks ettirish va ulardan tegishli xulosalar chiqarishda foydalanish soha statistikasini yanada takomillashtirish, uning nazariy-uslubiy jihatlarini xalqaro talablar hamda milliy qonunchilik asosida rivojlantirishni talab etadi.

Shuni inobatga olgan holda “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi hamda 2020-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasi asosida oʻtgan davr mobaynida jarayonlarni statistik baholash tizimini joriy etish boʻyicha qator ijobiy natijalarga erishildi.

Eng avvalo, Davlat statistika qoʻmitasi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamkorlikda raqamli iqtisodiyotning rivojlanish holati toʻgʻrisida statistik maʼlumotlarni toʻplash va shakllantirishda yagona yondashuv hamda metodologiya joriy etildi. Mazkur uslubiyot asosida “Axborot iqtisodiyoti va elektron tijorat” yigʻma koʻrsatkichlar hisoblab chiqilib, eʼlon qilindi. Uning tarkibiga kontent va media hamda elektron savdo faoliyatlari ham qamrab olindi.

Koʻrsatkichlarni shakllantirishda norasmiy sektor qamrovini taʼminlash maqsadida 2021-yildan boshlab axborot texnologiyalari sohasida mahsulotlar ishlab chiqarish, savdo va xizmatlar koʻrsatish boʻyicha jismoniy shaxslar tanlanma kuzatuvi oʻtkazilyapti. Kuzatuvlarning barcha hududlarda planshetlar yordamida amalga oshirilishi maʼlumotlarni toʻplash va qayta ishlash uchun sarflanadigan vaqtni 10 barobar qisqardi.

Statistik hisobotlarni internet orqali onlayn qabul qilishning eStat 4.0 avtomatlashgan axborot tizimi yaratildi va 120 turdagi hujjatni qabul qilish yoʻlga qoʻyildi. Buning natijasida hisobotlarni qabul qilish va qayta ishlash vaqti 2 karra qisqartirildi.

Yurtimizda ilk bora oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirlarini internet hamda planshetlar yordamida oʻtkazish uchun zarur axborot tizimi ishlab chiqildi va hozir yakuniy sinov ishlari olib borilmoqda. 30 dan ortiq manfaatdor vazirlik va idora oʻrtasida oʻzaro elektron maʼlumotlar almashinishi integratsiya qilindi.

Endilikda statistik maʼlumotlardan foydalanuvchilar ularni izlab vaqtlarini yoʻqotmaydi yoki qoʻmitaga xat bilan murojaat qilib oʻtirmaydi. Ularning hammasi qulay shaklda tematik veb-saytlar orqali taqdim etib borilyapti. Zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda qoʻmitaning stat.uz rasmiy veb-saytining yangi koʻrinishi, aholini roʻyxatga olish tadbirlarini yoritib borish boʻyicha aholi.stat.uz, gender koʻrsatkichlarni oʻz ichiga olgan gender.stat.uz, Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarining (BRM) bajarilishini monitoring qilishning nsdg.stat.uz, uslubiy nizomlar va yoʻriqnomalar bilan tanishish imkoni beruvchi lib.stat.uz veb-saytlari yaratildi va ishga tushirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portalining yangi talqini ishlab chiqilib, hozirgi kunda mazkur portalda 154 ta vazirlik va idoraning 4 mingdan ortiq maʼlumoti eʼlon qilindi.

Mazkur ishlar natijasi qator xalqaro reytinglarda oʻz ifodasini topmoqda. Jumladan, 2021-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston Global maʼlumotlar barometri (The Global Data Barometer - GDB) reytingida 58-oʻrinni egalladi. Mazkur reytingda 100 dan ortiq mamlakat qatnashganini inobatga olsak, yurtimiz uning asosiy modullari hisoblangan “Ochiq maʼlumotlar tashabbusi”ni oʻz ichiga olgan “Imkoniyatlar” modulida 80 ball toʻplab 8, “Boshqaruv” modulida 52 ball toʻplab, 19-oʻrinni egalladi.

 

TEZ, QULAY, ISHONCHLI

Hayotjon NASRULLOYEV, Davlat soliq qoʻmitasi Axborot-kommunikatsiyalari texnologiyalari departamenti direktori:

 

— 2020-yilning 5-iyun kuni Vazirlar Mahkamasining “Soliq maʼmuriyatchiligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarori bilan Davlat soliq qoʻmitasining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlangan edi. Qaror ijrosining taʼminlanishi natijasida barcha axborot tizimlari yagona platformaga oʻtkazildi. Natijada soliq toʻlovchilarning hisobot topshirish jarayoni
5−7 barobargacha yengillashib, inson omili aralashuvi 60 foizga qisqardi, shuningdek, qogʻoz shaklidagi hujjat ishlari ham keskin kamayadi.

Hujjatda Business Intelligence va Big Data texnologiyalarini joriy etish strategiyaning asosiy vazifalaridan biri sifatida kiritilgan edi. Bu texnologiyalarni joriy etilishi yashirin iqtisidiyotda xufiyona aylanmalar darajasini qisqartirib, soliq solinadigan bazani kengaytirdi.

Aholi va biznes uchun qulayliklarni oshirish, inson aralashuvini kamaytirish maqsadida soliq maʼmurchiligi jarayonlari izchil raqamlashtirilmoqda. Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi ana shu yoʻlda amalga oshirilgan yana bir yirik loyiha boʻldi. Prezidentimizning 2020-yil 30-oktyabrdagi “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, Davlat byudjetidan ajratilgan 100 milliard soʻm evaziga binolar taʼmirlanib, uzluksiz elektr taʼminoti qurilmalari, pretsizion konditsionerlar, katta hajmli server va kompyuterlar bilan jihozlandi.

Bu, birinchi navbatda, axborot tizimlarining samarali va uzluksiz ishlashini taʼminlash, soliq toʻlovchilarga elektron xizmatlar koʻlamini kengaytirish, sifatini oshirishga xizmat qilyaptii. Chunki, zamonaviy xizmatlardan foydalanuvchilar soni juda tez ortib bormoqda. 2021-yilning oʻzida soliq toʻlovchilar tomonidan shaxsiy kabinetdan foydalanishlar soni 40,5 milliontani (2020-yilga nisbatan 1,3 barobar koʻp), yuborilgan elektron hisobvaraq-fakturalar soni 33,9 milliontani (2020-yilga nisbatan
1,6 barobar koʻp), onlayn nazorat kassa mashinalari orqali roʻyxatga olingan cheklar soni 417,4 milliontani (2020-yilga nisbatan 4 barobar koʻp) tashkil etdi.

Sohaga tatbiq etilayotgan raqamli texnologiyalar samarasi oʻlaroq, soliq toʻlovchilar bilan shaxsiy kabinetlari orqali toʻliq elektron muloqot oʻrnatildi. Bugungi kunda dunyoning istalgan joyida turib roʻyxatdan oʻtishdan boshlab, soliq majburiyatini oxirigacha toʻliq bajarishi uchun imkoniyatlar yaratilgan.

Elektron xizmatlaridan foydalanishlar soni oʻtgan 2 yilda 3 baravarga va oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 30 foizga oshdi. Tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarga koʻrsatilgan 85,1 millionta elektron xizmatlarning toʻrtdan bir qismi elektron soliq hisobotlarini topshirish va soliqlarni toʻlash bilan bogʻliq boʻlib, ularni shaxsiy kabinet va elektron toʻlov tizimlari orqali toʻlash hajmi 22,3 trillion soʻmga yetdi.

“Ye-ijara”, “Ye-imtiyoz”, “Qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari”, “Soliq tekshiruvlari”, “Avtomatlashtirilgan kameral nazorat tizimi”, “Soliq uzilishi koeffitsiyenti”, “K-Savdo” kabi yangi dasturiy mahsulotlar ishlab chiqildi. “Soliq” mobil ilovasining funksional imkoniyatlari kengaytirildi. Tizimlar kiberhujumdan himoyalanishi darajasi oshirildi. Xususan, kiberhujumlarni oldini olish boʻyicha “WAF” dasturiy-apparat majmuasining tatbiq etilishi tufayli oyiga taxminan 100 mingdan ortiq hujumlarning oldi olinmoqda.

Ayni kezda barcha hisobvaraq-fakturalar elektron tarzda rasmiylashtirilmoqda. Barcha tadbirkorlik subyektlarining roʻyxatga olish maʼlumotlari qayta koʻrib chiqilib, undagi xato va kamchiliklar bartaraf etilishi, boshqa vazirlik hamda idoralar maʼlumotlari bilan birxillashtirilishi taʼminlandi.

2022-yildan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq, yer, mol-mulk va aksiz soliqlari Davlat soliq qoʻmitasida mavjud elektron maʼlumotlar asosida avtomat ravishda shakllantirish mexanizmi yoʻlga qoʻyildi. Bundan tashqari, idoralarimizda elektron hujjat aylanish tizimi joriy etilgan boʻlib, bugungi kunda qariyb 11 ming soliq organlari xodimlari shu tizim asosida ishlayapti.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Abdurauf QORJOVOV yozib oldi.