Eksport hajmini oshirishga toʻsqinlik qilayotgan muammo va kamchiliklar bartaraf etilyapti

    Moliya 8 Iyul 2022 1482

    Senatning 28-yalpi majlisida eksport hajmining barqaror oʻsishini taʼminlash va uning nomenklaturasini diversifikatsiyalash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan Hukumatga kiritilgan parlament soʻrovi natijalari koʻrib chiqildi.

    Majlisda Hukumat tomonidan eksport hajmini oshirishga toʻsqinlik qilayotgan mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan salmoqli ishlar amalga oshirilganligi taʼkidlandi.

    Xususan, parlament soʻrovi munosabati bilan aniqlangan muammolarni bartaraf etish maqsadida tegishli huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilgan.

    Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Investitsiyalar va tashqi iqtisodiy faoliyatni boshqarishning normativ-huquqiy bazasini kompleks tizimlashtirish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilgan boʻlib, hujjat loyihasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini tizimlashtirishga qaratilgan.

    Parlament soʻrovi natijasida tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi faoliyatida uzilishlarning oldini olish choralari koʻrilgan. Xususan, dastur Davlat bojxona qoʻmitasining eskirgan serverlaridan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida oʻrnatilgan zamonaviy yuqori tezlikdagi serverlarga oʻtkazilgan.

    Shu bilan birga, senatorlar sohada ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotganligini, ularning bartaraf etilishi eksport hajmini yanada oshirishga xizmat qilishini taʼkidladilar.

    Majlisda, Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan eksportchi korxonalarga qoʻshimcha qiymat soligʻi summasini qoplash tizimini joriy etishdagi muammolar tanqidiy koʻrib chiqildi.

    Bundan tashqari, senatorlar Oʻzbekistonda sugʻurta faoliyati va eksportdan oldin moliyalashtirishning zamonaviy xalqaro standartlarini imkon qadar tezroq joriy etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrish zarurligini taʼkidladilar.

    Muhokamalar yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.