Eksterritorial tamoyili — bu fuqarolar doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan va yuridik shaxslar pochta manzilidan (joylashgan yeridan) qatʼi nazar, istalgan hududdagi Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish imkoniyati hisoblanadi. Ushbu tajriba esa yaqinda FHDYO sohasida ham qoʻllanila boshlandi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 23-martda “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Farmon bilan davlat xizmatlari koʻrsatish tizimida bir qator yangiliklar amaliyotga joriy qilindi. Yaʼni, 2021-yil 1-iyundan boshlab, fuqarolarning doimiy yoki vaqtincha roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar tugʻilish, nikoh, oʻlim va nikohdan ajratishni qayd etish boʻyicha istalgan FHDYO boʻlimiga murojaat qilish mumkin. Bu fuqarolarimiz uchun eng katta qulaylik. Masalan, fuqaro fargʻonalik. Lekin vaqtincha ish joyi Samarqand viloyatida yoki 3-4 kunga Toshkent shahrida boʻlib turibti. Ana shu vaziyatda fargʻonalik fuqaro ilgari paytdagidek oʻzining yashash hududiga – Fargʻonaga kelishi shart emas. Oʻziga yaqin hududdagi FHDYO boʻlimlarida oʻz yumushlarini amalga oshiraveradi. Mana shu kabi xizmatlar eksterritorial tamoyil asosida ishlash deyiladi.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, yaqinda Fargʻona viloyatida dalolatnoma yozuvlarini raqamlashtirish jarayonlari nihoyasiga yetkazilib, “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimi yaratildi. Viloyatimizda 7 millionga yaqin mavjud qogʻoz shaklidagi hujjatlar raqamlashtirilishiga erishildi. Bu esa aynan eksterritorial tamoyil asosida ishlash imkonini berdi.

2021-yil 1-iyundan eʼtiboran nimalar oʻzgaradi?

Farmonga koʻra, fuqarolarning doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi;

notarial harakatlarni amalga oshirishda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bogʻliq barcha maʼlumotlar notarial idoralar tomonidan mustaqil ravishda, fuqarolardan ortiqcha maʼlumot talab qilmasdan, “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali olinadi;

davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlardan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ortiqcha toʻlangan toʻlovlar, shuningdek, davlat xizmatini tezlashtirilgan tartibda koʻrsatish uchun qoʻshimcha toʻlangan yigʻimlar summasi (tezlashtirilgan tartibda koʻrsatilmagan taqdirda) soddalashtirilgan tartibda Davlat xizmatlari agentligining byudjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bir ish kuni ichida qaytariladi. Bunda qaytarib berilgan mablagʻlar Agentlik tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan regress tartibida undirib olinadi;

davlat xizmatini koʻrsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyish orqali berilganda ularning dublikatlarini berish tartibi bekor qilinadi. Bunda, ushbu hujjatlar elektron shaklda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali cheklanmagan miqdorda bepul olinadi.

Davlat idoralari tomonidan qanday hujjatlar talab etilmaydi?

- Ruhiy kasalliklar boʻyicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;

narkologiya boʻyicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;

sudlanganlik;

- manzil-maʼlumot axboroti;

- fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy mavjud yoki mavjud emasligi;

- turar joyning maydoni;

- soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi;

- soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyilganligi;

- pensiya va nafaqa miqdori;

- pensiya va nafaqa oluvchilar roʻyxatida mavjud yoki mavjud emasligi;

- nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi;

- shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi;

- shaxsning belgilangan shakldagi fotosurati;

- tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining maʼlumotnomalari;

- mehnat daftarchalari va ularning nusxalari (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud boʻlmagan hollarda soʻrash bundan mustasno);

- ish haqi va ish stajini, oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasasida oʻqiganlikni tasdiqlovchi arxiv maʼlumotnomalari (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud boʻlmagan hollarda soʻrash bundan mustasno);

- kadastr hujjatlari va ularning nusxalarini talab qilish bekor qilinadi.

Bunda, davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa maʼmuriy tartib-taomillarni amalga oshirishda mazkur bandda nazarda tutilgan hujjat va maʼlumotlarni masʼul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab oladi.

Davlat xizmatlari agentligi Fargʻona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.