Ekstremal va sport turizmini rivojlantirish dolzarb masala

    Turizm 8 Oktabr 2020 1741

    Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasida Oʻzbekistonda turizmning ekstremal va ommabop turizm turlarini qoʻllab-quvvatlash va ularni yana-da rivojlantirishga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Unda Ekstremal turizm federatsiyasi, Aeronavtika federatsiyasi va Paraplanizm federatsiyasi vakillari qatnashishdi.

    Soʻnggi yillarda mamlakatimizda sport, ekstremal va dam olish turizmini rivojlantirish borasida sezilarli islohotlar amalga oshirildi. Shunday boʻlsada, zamonaviy talablar va qoʻllab-quvvatlashni talab qiluvchi yana qator yoʻnalishlar mavjud. Paraplanizm, deltaplanerizm, aeronavtika, kichik aviatsiya, togʻ turizmi, veloturizm, skayranning, mototurizm, avtoturizm kabi yoʻnalishlar shular jumlasidandir.

    Mazkur yigʻilish turizmning ekstremal va faol turlarini rivojlantirish maqsadida yigʻilish oʻtkazildi.

    Chorvoq suv ombori bilan chegaradosh “Yusufxona” joylashgan paradeltadrom oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlib, hududda aeronavtika, suv, togʻ va piyoda yurish kabi turizmning faol turlarini rivojlantirish uchun iqlimiy sharoitlar mavjud.

    Tadbir doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston ekstremal va togʻ turizmi federatsiyasi hamda Aeronavtika federatsiyasiga yuqorida qayd etilgan hududda turizmning ekstremal va faol turlarini rivojlantirish boʻyicha zamonaviy Xalqaro markaz yaratishga oid taklif kiritildi. Ushbu hududda uchuvchilar, faol sayyohlar va mehmonlarni yil davomida qabul qilish hamda joylashtirish uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratish zarurati qayd etildi.

    Shuningdek, uchrashuv davomida mehmonxona, nazariy va amaliy mashgʻulotlar uchun sport zallari, yer usti xizmat koʻrsatish tizimlari, qutqaruv xizmatlari, tibbiy yordam koʻrsatish shoxobchalari, parashyut hamda paraplan parvozlari, suv va faol turizm turlari boʻyicha oʻquv dasturlarini amalga oshirish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi.

    Muzokaralar doirasida turizm va sport oʻrtasida yaqin aloqaga ega boʻlgan ushbu sohani qoʻllab-quvvatlash zarurati bilan bogʻliq qator masalalar muhokama qilindi. Bu boradagi xorijiy tajribalarni chuqur oʻrganish, turizm sohasining ushbu tarmoqlarini rivojlantirishda xorijiy hamkorlar va investorlarni jalb etish lozimligi qayd etildi.

    Shuningdek, Ekstremal va togʻ turizmi federatsiyasiga sport turizmining zamonaviy bazasini rivojlantirish, togʻ instruktor-gidlar maktabi va doimiy ravishda musobaqalar, ekspeditsiyalar, sport sayohatlarini tashkil etish, jamoat qatnovlarining nazorati hamda birinchi yordam tibbiy punktlarini yaratish maqsadida Chimyon hududidan joy ajratish muhimligi taʼkidlandi.

    Shuningdek, turizm kollejlarida instruktorlar maktabi uchun oʻquv qoʻllanmasi ishlab chiqish va universitetlar asosida sport yoʻnalishlari boʻyicha seksiyalar tashkil qilish masalasi koʻtarildi. Taʼkidlash joizki, ushbu turdagi ekstremal sport turlarining rivojlanishi har yili oʻn minglab sayyohlarni mamlakatga jalb qilish, keyinchalik sport va turistik xizmatlar monetizatsiyasini kuchaytirish imkonini beradi, deb xabar beradi Turizmini rivojlantirish Davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.