Mazkur mahalla hududida oqar suv necha oʻn yildan beri muammo boʻlib kelayotgan edi. Hududda yashovchi aholiga ichimlik suvi ham vaqti-vaqti bilan yetib borardi. Shu bois koʻcha boʻylarida yashil daraxtlar kam, borlari ham suvsizlikdan rivojlanmay qolgan.
Ahvol mahallada istiqomat qiluvchi ichki ishlar faxriysi, ayni kunda tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan Karomaddin Ibodullayevni ham oʻylantirib kelayotgan edi. U hududdagi tadbirkorlar Ozod Qurbonboyev, Jambul Boymurodov bilan birga mahalla fuqarolar yigʻini idorasiga borib, muammolarning yechimi boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi.
Mahalla raisi Tursunboy Serikboyev ham ularni qoʻllab-quvvatlab, kerakli idoralarga murojaat qildi.
Qisqa fursatda mahallaga oqar suv olib kelish yoʻli xaritasi, loyiha-smeta hujjatlari tegishli idoralar tomonidan tayyorlab berildi.
Shu tariqa Mangʻitning “Durunki” mahallasi boʻylab “Yusufxoʻja” fermer xoʻjaligi ekin maydonlariga suv yetkazib berib turgan ariqni 1,5 chaqirimcha uzunlikda qazib, tumanning avval “Telman yoʻl” deb nomlanib kelgan ulkan asfalt yoʻlini kesib oʻtib, “Chordara” mahallasiga oqar suv olib kelish ishlari boshlab yuborildi.
Shu tariqa “Chordara” mahallasining Nodirabegim, Zebuniso, Zavqiy va boshqa koʻchalariga oqar suv keltirish uchun ariq qazish ishlari boshlanib ketdi. Ariqning ulkan asfalt yoʻlni kesib oʻtuvchi qismiga chidamli truba tashlandi.
Endi yaqin kunlarda ariqqa suv yuboriladi. El birlashib, ushbu xayrli ishning uddasidan chiqdi.