Adam Marshalek bir necha marotaba Oʻzbekistonda boʻlgan, jumladan, 2016-yili boʻlib oʻtgan Prezident saylovlarida Polshadan kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan. U 2019-yili ham Oʻzbekistondagi turli nashriyot uylarida matbaachilik ishlarining rivojlanishi bilan tanishish uchun mamlakatimizga kelgan edi.
Boʻlib oʻtgan suhbat chogʻida “Marszalek Holding” rahbari keyingi yillar davomida Oʻzbekistonda roʻy berayotgan keng qamrovli ijobiy oʻzgarishlarni yuqori baholadi. Shular qatorida Adam Marshalek bozor munosabatlarini mustahkamlash hamda jamiyatni demokratlashtirish borasida erishilgan muvaffaqiyatlarni sanab oʻtdi. U mazkur muvaffaqiyatlar iqtisodiy rivojlanish uchun mustahkam zamin hozirlaganini qayd etdi. “Soʻnggi yillar davomida mamlakat milliy iqtisodiyotining oʻsish surʼatlari ham bu fikrni tasdiqlaydi”, dedi Adam Marshalek.
Uchrashuv chogʻida taʼkidlanganidek, chuqur oʻylangan va oqilona iqtisodiy siyosat aholini kuchli ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash imkonini bermoqda.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha elchixona bilan “Marszalek Holding” oʻrtasida rangli jurnallar, turli buklet va boshqa matbaa mahsulotlarni chop etish hamda markaz tomonidan nashr etiladigan toʻplamlarda alohida maqolalar eʼlon qilish yuzasidan kelishuvga erishildi. Xususan, Oʻzbekistonda inson huquqlari mavzusiga bagʻishlangan birinchi risolani chop etishga kelishib olindi. Ushbu risolani joriy yil iyul oyining oxirida nashr etish rejalashtirilmoqda.