Ijtimoiy tarmoqlarda “endi xonadonda birdaniga uchta konditsionerni ulasangiz hisoblagich tokni avtomatik tarzda uzadi” yoki “hisoblagich orqali 10—15 kV quvvat doirasida cheklov kiritiladi” sarlavhali xabarlar keng tarqalib, bu, o'z navbatida, ko'pchilik elektr energiyasi iste'molchilari orasida turli tushunmovchiliklar va qator savollarni keltirib chiqarmoqda.
Shu bois, holat yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ munosabat berdi. Unda aytilishicha, bunday chora eskirgan va ortiqcha yuklama bilan ishlayotgan elektr tarmoqlari va transformator punktlari joylashgan ma'lum bir hududlarda iste'molchilarni uzoq vaqt elektr ta'minotidan uzilib qolmasligini ta'minlash maqsadida zarurat yuzasidan qo'llaniladi.
Bu yil qish va yoz oylarida kuzatilgan noqulay ob-havo sharoiti kabi vaziyatlardagina ma'lum bir vaqt oralig'ida elektr tarmoqlariga ortiqcha yuklamalar tushishini oldini olish uchun amalga oshiriladi.