Taʼkidlash joiz, “yashil” avtotransport atmosferaga chiqarilayotgan SO2 miqdorini sezilarli darajada kamaytirish uchun yechim sifatida koʻrilmoqda. Chunki, dunyo miqyosida SO2 emissiyasining qariyb 22,7 foizi transport sektorining ulushiga toʻgʻri kelmoqda (Oʻzbekistonda – 13,3%).
Shu sababli “Volvo” va “Mercedes-Benz” avtokonsernlari 2030-yildan, “Audi” 2033-yildan, “General Motors” 2035-yildan “yashil” avtomobillar ishlab chiqarishga toʻliq oʻtishni rejalashtirmoqda.
Elektrokardan foydalanish jarayonida ajralib chiquvchi SO2 miqdori nolga teng boʻlgani bilan, elektr energiyasini ishlab chiqarishda hosil boʻluvchi uglerod dioksidini nazardan chetda qoldirmaslik lozim. Xususan, elektr energiyasi koʻmirdan olinganda atmosferaga juda koʻp miqdorda SO2 ajraladi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ham elektromobillar ommalashib bormoqda. Masalan, 2021-yilda ushbu toifadagi transport vositalarining importi 2020-yilga qaraganda 6,2 baravarga oshib, 809 taga yetgan.
Tahlillarga koʻra, 2020-yilda Oʻzbekiston hududida yonilgʻida harakatlanuvchi avtotransportlarning SO2 emissiyasi 7,69 mln. tonnani tashkil qilgan.
Agar mazkur transport vositalari eng zararli hisoblanadigan koʻmirdan olinadigan elektr energiyasi orqali harakatlangan taqdirda ham, SO2 emissiyasini 2,7 mln. tonnaga (35,11%) kamroq hosil qilgan boʻlar edi. Maʼlumot uchun, 2,7 mln. tonna SO2 zararini qoplash uchun 108 millionta katta daraxt talab etiladi.
Endi oʻylab koʻring, avtomobilingiz siz ishga borib kelguningizcha qancha SO2 chiqaradi? Agar u elektromobil boʻlgandachi? Mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan kalkulyator yordamida buni hisoblashingiz mumkin.