Elektromobillarni quvvatlash stansiyalari o'zimizda ishlab chiqarilyapti

    Joriy yilda yurtimiz bo'ylab 21 mingdan ortiq quvvatlash stansiyalari o'rnatiladi.

    Qo'shnilarimizdan biri ancha yillardan beri elektromobil boshqaradi. Aniqrog'i, shunday avtomobillar yurtimizga kirib kela boshlagan dastlabki vaqtlardayoq qiziqishi sabab xarid qilgan. Ammo nuqul shu avtomobili haqida gap ketsa, shahar tashqarisi u yoqda tursin, hatto, poytaxtda ham elektromobillarni quvvatlash stansiyalari sanoqli ekani, borlari esa doim band bo'lishi yoki ishlamasligidan nolib qolardi.

    Bunday muammo yaqin yillargacha bo'lgani “ko'rga hassadek” hammaga ma'lum. Odamlar asosan shu sabab elektromobil xarid qilishga shoshilmadi. Sotib olganlar ham uni “ko'z-ko'z” uchungina haydab yurgani, ko'proq uyda “savlat to'kib” turgani, uzoq yo'llarga esa deyarli foydalanilmaganini eshitganmiz, ko'rganmiz. Ya'ni, asrimizning eng zamonaviy va ekologik toza avtomobillaridan biri bo'lgan elektromobillarning 2016-yillardan keyin O'zbekistonga faol kirib kelishi qaysidir ma'noda kutilmaganda yuz berdi va mamlakatda hali unga mos sharoit yaratilmagandi. Shu bois, ko'pchilikni birdaniga qiziqtirgan, ammo xarid qilishga ikkilantirgan elektromobillarga faqat shahar uchun mo'ljallangan avtomobil sifatida qarala boshladi. Chunki uzoq yo'lga chiqilgan taqdirda, uni quvvatlantirish muammosi ko'ndalang turadi.

    2019-yildan yurtimizda “yashil iqtisodiyot”ga o'tish harakatlari boshlandi. Bu nima degani? Bu mamlakatda “yashil”, ya'ni ekologiya uchun zararsiz texnologiyalarni ommalashtirish harakati. Yurtimiz ko'chalarida elektromobillar sonini oshirish vazifasi ham shuning bir qismi edi. Chunki ushbu avtomobillar ekologik tozaligi jihatidan atmosfera uchun mutlaqo zararsiz bo'lib, benzin va boshqa zararli gazlarda harakatlanadigan transport vositalaridan ko'ra manfaatliroq. Ularning foydali tomonlari haqida uzoq to'xtalish mumkin. Ammo biz ko'tarayotgan mavzu boshqa.

    2020-yildan keyin mamlakatimizga turli-tuman elektromobillarni import qilish faollashib ketdi. Bu borada tadbirkorlarga ayrim engilliklar berilgani hisobiga, avtosalonlar shunday turdagi transport vositalariga to'ldi. Xaridorlarda tanlov imkoniyati kengayib, sotib olishga qiziqish orta boshladi. Qolaversa, undan avvalroq sanoqli olib kelingan elektromobillar yurtimiz ko'chalarida harakatlanib, bizning sharoitga mos kelishi qaysidir ma'noda sinovdan o'tgandi. Endi odamlar, elektromobillar haqidagi noto'g'ri faraz va taxminlardan qisman qutulib, foydalanishga bo'lgan ishonchi ortdi. Natijada keyingi yillarda yurtimizda ushbu turdagi avtolar soni 10 karra oshdi. Hatto, Jizzaxdagi zavodda elektromobillar ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi.

    Ana endi yuqoridagi masala — elektromobillarni quvvatlantirish stantsiyalariga qaytsak. O'tgan yilgi ma'lumotlarga ko'ra, yurtimizda elektromobillar soni 35 mingtaga yetgan. Bugungi kunda bu raqamlar yanada oshgani tayin. Xo'sh, ularni quvvatlantirish stantsiyalari-chi? Shu haqidagi statistik raqamlarni izlaganimda, uzoq qidirishga hojat bo'lmadi. Yaqindagina bu bo'yicha rasmiy ma'lumot e'lon qilingan ekan. Unda shu yilning 1-may holatiga ko'ra O'zbekistonda elektromobil quvvatlash stantsiyalari soni 1400 taga etgani keltirilgan. Yurtimiz bo'ylab ushbu stansiyalardan 92 ming kishi foydalanmoqda.

    Solishtirilganda, stansiyalar soni bir yil ichida 2,5 barobarga oshgani ko'rinadi. Ularning 70 foizi Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga to'g'ri keladi. Demak, boshqa hududlarda quvvatlash stansiyalarini o'rnatish ko'rsatkichi 30 foizga etgan. Agar bu boradagi ishlar 2020-yildan keyin boshlanganini inobatga olsak, natija unchalik yomon emas. Har holda, elektromobili bor tanishlarimiz uzoq viloyatlarga borish jarayonida yo'lda zaryadlash stansiyalaridan foydalanish imkoniyati mavjudligini ta'kidlayapti.

    Shaharda ham, undan tashqarida ham har qadamda benzin yoki gaz quyish shahobchalariga duch kelamiz. To'g'ri, ular bir necha o'n yillar davomida paydo bo'lgan va yonilg'ida harakatlanadigan tarnsport vositalarining ko'pligi ham shunga zaruratni yuzaga keltiradi. Ammo endi har qadamda elektromobillarni zaryadlash stantsiyalari ham bo'lishi kerak. Chunki hozir zamon ancha shiddatkor. Keyingi bir necha yilning o'zida elektromobillar soni o'n barobarga oshgani zaryadlash stantsiyalarini shunga yarasha ko'paytirishni taqozo etadi. Buning uchun huquqiy asoslar yaratilib, mexanizm jadal yo'lga qo'yilsa bo'lgani.

    Yaxshi xabarlardan biri shuki, joriy yilda yurtimiz bo'ylab 21 548 ta quvvatlash stantsiyalarini o'rnatish ko'zda tutilgan. Ya'ni, 2025-yil 1-fevraldan davlat muassasalari, mehmonxonalar, biznes-markazlar, savdo va umumiy ovqatlanish obyektlari, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo'llari infratuzilmasi obyektlari loyihalarida to'xtash joylarining kamida 5 foizi elektromobillarni quvvatlash stantsiyalari bilan jihozlanishi kerak. Bu o'tgan yili 1-noyabrda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan belgilandi. Unda 2024-2025-yillarda elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini kengaytirishning qo'shimcha chora-tadbirlari nazarda tutilgan.

    Quvvatlash stansiyalari o'zimizda ishlab chiqarilyapti

    Qo'shnimga havas qilganim uchunmi, o'zim ham ikki yil oldin elektromobil xarid qildim. Ochig'i, haligacha quvvatlash stantsiyalari bilan bog'liq kichik muammolarga duch kelaman. Ya'ni, men foydalanadigan kilovattdagi zaryadlash stantsiyalari shaharning hamma nuqtasida ham mavjud emas va, odatda, uyimdan bir necha kilometr uzoqlikdagi manzilga olib boraman. Kattagina binoning ichki “parkovkasi”ga o'ndan ziyod quvvatlash stansiyasi o'rnatilgan. Ammo kunning qaysi vaqtida bormay, doim elektromobillar bilan to'la bo'ladi. Joyni band qilish uchun kimningdir foydalanib bo'lishini kutishimga to'g'ri keladi.

    Sрu bois, yuqoridagi qarorni o'qiganimdayoq, endi quvvatlash stantsiyalari soni ko'payishi va yaqin manzillarda ham paydo bo'lishidan quvondim. Boshqa tomondan esa, jarayonda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga keng yo'l ochiladi. Bir muddat ilgari o'zimizdagi ayrim korxonalarda elektromobillarni quvvatlash stansiyalari mahalliy sharoitda yig'ilishi haqida eshitgandim. Surishtirgach, bunday qurilmalarni to'liq o'zimizda ishlab chiqarayotgan korxonalar ham borligidan xabar topdim. Yurtimiz bo'ylab o'rnatilgan zaryadlash stansiyalarning hammasi Xitoydan import qilinmagan ekan, ular orasida o'zimiznikilar bor.

    Bu haqida eshitishim bilan fotograf sherigimni olib mahalliy korxonalardan biri tomon yo'l oldik. Ishxonamizdan uncha uzoq bo'lmagan manzil — Mirobod tumanida joylashgan “Toshelectroapparat” MCHJ xorijiy korxonasida bizni bo'lim boshlig'i Umid Axmadov kutib oldi. Bino hovlisiga kirishimiz bilan suhbatimiz boshlanib ketdi. Ko'rinishidan ancha yillik korxona ekani ko'rinib turibdi. Umid aka ham buni tasdiqlab, korxona 80 yillik tarixga ega ekanini aytdi. To'rt mingdan ortiq kishi mehnat qiladi, asosan, elektromontaj qurilmalar, podstansiyalar, stansiyalar, kuch transformatorlar, kuyosh panellari, invertorlar, past kuchlanishli elektrdvigatellar uchun chastotani nazorat qilish moslamalari, ko'cha yoritgichlari va elektr hisoblagichlar ishlab chiqariladi. Umid aka gapini tamomlamasidan “Qanday qilib shunday eski korxonada eng zamonaviy qurilmalardan biri — quvvatlash stantsiyalari ishlab chiqariladi?”, degan savolni berishga berdimu, keyin to'satdan shuni so'raganimga hijolat bo'lib qoldim.

    — Aynan bizniki kabi uzoq yillik, katta quvvatga ega korxonalargina shunday qurilmalarni ishlab chiqarish imkoniyatiga ega, — dedi bosiqlik bilan hamrohimiz. — Bu yo'nalishdagi loyiha davlatimiz rahbarining 2019-yil 30-maydagi tegishli qarori bilan amalga oshirildi. Korxona tomonidan investitsiya kiritilib, 2019-yil birinchi yarmidan zamonaviy quvvatlash stansiyalarini ishlab chiqarish boshlandi. Loyihaning umumiy qiymati 2 million dollar bo'lib, yiliga 1200—1500 ta quvvatlash stansiyasi ishlab chiqarishga mo'ljallangan. Bilasiz, bunday qurilmalarni mahalliy sharoitda tayyorlash bo'yicha avval yurtimizda tajriba bo'lmagan, mutaxassislar ham yo'q edi. Shu bois, jarayonda Xitoy tajribasi o'rganilib, zavodga xitoylik mutaxassislar olib kelindi. Bizning kadrlar ham Xitoyga borib, real ish jarayonlarida malaka oshirib qaytdi. Shu tariqa, zavodimizda elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini ishlab chiqarish amaliyoti yo'lga qo'yildi.

    Korxonaning ishlab chiqarish bo'limlariga kirishda zamonaviy dizenfektsiyalash moslamalaridan o'tdik. Talab ancha yuqori ekan, hatto, fotografga apparat chirog'ini yoqmaslik uqtirildi. Ishchi xodimlar ham maxsus kiyimlarda. Quvvatlash stansiyalarini ishlab chiqarishning bir nechta bosqichlari bilan tanishdik. Dastlab, olib kelingan temir xomashyosiga lazerli stanoklarda maxsus dastur yordamida ishlov berilib, kerakli shaklga keltiriladi. Ustki qismi tayyor bo'lgach, ichki qismi teriladi va barchasi yig'iladi. So'ng laboratoriya tekshiruvlaridan o'tkaziladi. Qurilmalar uchun zarur sifat sertifikatlari olingan. Mahsulot asosan buyurtma asosida ishlab chiqariladi. O'tgan yili 200 dan ortiq quvvatlash stansiyasi mijozlarga yetkazilgan. Joriy yilda buyurtmalar ancha ko'p — yil oxirigacha 15 mingta qurilmani yetkazib berish bo'yicha kelishilgan. Avgust oylarida birinchi partiyadagi 5 mingta zaryadlash stansiyasi chiqariladi. Ya'ni, yuqorida ta'kidlaganimizdek, joriy yilda yurtimiz bo'ylab quvvatlash stantsiyalari sonini 21 mingdan ziyodga oshirish rejasi shu kabi korxonalarning ham ish samaradorligini oshiryapti. Mahalliy qurilmalarga talab ortgan.

    Elektromobilni uyda quvvatlantirgan ma'qulmi yoki...?!

    Zavodda 3,5 kilovattdan 160 kilovattgacha quvvatdagi zaryadlash stantsiyalari ishlab chiqariladi. Oddiy qilib tushuntirganda, amalda mavjud ikki turdagi — tez quvvatlovchi va sekin quvvatlovchi stantsiyalar tayyorlanadi. Joriy yildan 240 kilovatt quvvatdagi qurilmalarni ishlab chikarish rejalashtirilgan. Bu ham ana shu stantsiyalarning bir turi.

    Mahalliylashtirish darajasi esa turlicha. Mutaxassisning aytishicha, hozirgi kunda zavodda 3,5 kilovattdan 20 kilovattgacha quvvatli zaryadlash stantsiyalari to'liq o'zlarida ishlab chiqariladi va mahalliylashtirish ko'rsatkichi 95 foiz. 20 kilovattdan yuqori quvvatli stansiyalar esa 35 foiz mahalliylashtirilgan bo'lib, Xitoynnig “Teld” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqariladi. Boisi, ushbu tardagi qurilmalarning ichki qismi uchun zarur xomashyo materiallari hali o'zimizda mavjud emas va asosan Xitoydan olib kelinadi. Ammo yaqin yillarda uni ham mahalliylashtirish ko'zda tutilgan.

    Nihoyat, Umid aka bizni yurtimiz sharoitida ishlab chiqarilayotgan quvvatlash stantsiyalari bilan tanishtirdi. Qurilmalarning bejirim, ixcham va o'ziga xos ranglardagi ko'rinishi birdan e'tiborimni tortdi. Chindan, bozorda ko'rsangiz, aniq xorij mahsuloti, degan tasavvurga borasiz. Chunki mahsulot sira chet elnikidan qolishmaydi. Ammo xaridor ko'proq uning sifati bilan qiziqishi tayin. Menga qolsa, hozir o'zimizda ishlab chiqarilgan, desa avvalgidek yuzimni burishtirmaydigan bo'lganman. Boisi, ichki bozorda raqobatning ortishi mahalliy sanoatni sezilarli rivojlantirdi. Endi tadbirkorlar son uchun emas, sifat uchun ishlayapti.

    — Masalan, 240 kilovattli super tez zaryadlovchi stansiyalarning ko'rinishi ixcham, gabarid jihatidan kichikroq ishlangan, — tushuntirdi Umid Axmadov. — Tizimli bloki 10 ta terminaldan iborat, bu bir vaqtning o'zida 10 ta elektromobilni quvvatlantirish mumkin, degani. Elektr hajmi va elektromobilning akkumulyator quvvatiga qarab 20 daqiqadan 1 soatgacha vaqt oralig'ida zaryadlab beradi. Stansiyalarning xavfsizlik darajalari yuqori tekshiruvlardan o'tkaziladi. Umumiy ishlash harorati minus 40 darajadan pilus 65 darajagacha belgilangan. Bu har qanday noqulay havo sharoitida xavfsiz ishlaydi, degani. Qurilmaning o'ziga 2 yilgacha, foydalanish muddati uchun esa 10 yilgacha kafolat beriladi. Ko'pincha, mijozlar bunday stantsiyalarni Xitoydan olib kelish o'zimiznikini sotib olishdan ko'ra arzonga tushishini aytishadi. Bu yerda gap mahsulot sifatida. Hozir Xitoyda zaryadlash stansiyalari ishlab chiqaradigan minglab korxona bor va ishlab chiqarish asosan uch turda — ekonom, standart va premium klassda bo'ladi. Afsuski, tadbirkorlarimiz eng arzon qurilmalarni olib keladida, 6 oy o'tmay ishdan chiqib qolganini aytadi. Servis xizmatidan foydalanish uchun xitoyliklarni chaqirishi kerak, bu esa ko'p vaqt va katta xarajat talab qiladi. Premium klasdagi mahsulotlarning narxlari esa xorijda ham arzon emas. Biz ishlab chiqarayotgan mahsulotlar ana shu yuqori toifaga kiradi. Xuddi shu sifatdagi Xitoy mahsuloti bilan solishtirilsa, bizda ancha arzonroq. Qolaversa, sifatga, ishlab berish muddatiga, hujjatlariga kafolat beriladi.

    Asosiysi, servis xizmatlari korxona mutaxassislarining o'zi tomonidan eng tez fursatlarda ko'rsatiladi. Bu eng muhim jihatlardan biri bo'lib, mahalliy sanoatni rivojlantirishdan ko'zlangan maqsadlardan biri ham shu ekan. Qolaversa, mahalliy bozorda raqobat oshishi tan narxning tushishiga xizmat qilishi kerak. Shunda bu yo'nalishdagi tadbirkorlar soni yanada ortadi.

    Zavodda uy sharoitida foydalanishga mo'ljallangan 7 kilovattli zaryadlash stansiyalari ham ishlab chiqariladi. Gabaridi ixcham, plastik korpus va bitta pistoletli bejirimgina qurilmani devor yoki maxsus ustunlarga o'rnatish mumkin. Hatto, mashina yukxonasiga osongina joylab olish qulay. Bu degani, qurilmadan istalgan joy va vaqtda foydalanish mumkin, barcha himoya xavfsizliklari ko'rib chiqilgan. Qurilmaning ichidagi sxemasidan tortib, tashqi qismlarigacha to'liq o'zimizda ishlab chiqarilyapti. Oddiy qilib aytganda, to'laligicha o'zimizning mahsulot!

    Yana shaxsiy qiziqishim ustun kelib, birdaniga narxini so'radim. Rasmiy dillerlik do'konlarida bu qurilma 4-5 million so'mga sotilar ekan. Shundan bittasini xonadoningizga o'rnatib qo'ysangiz bormi, qurilma bo'sh turgan vaqtlari qo'shnilarga ham foydalanishga berib, kichik biznes qilish mumkin. Elektromobil tez zaryadlash qurilmasida yarim soat—1 soatga quvvat olsa, uy sharoitida 7-8 soat turishiga to'g'ri keladi. Chunki stantsiyaning quvvati shuni talab etadi. Agar vaqt bemalol bo'lsa, uyda quvvatlantirish qulay, ammo hozir amal qilayotgan elektr energiya uchun to'lov tariflari bilan bu unchalik foydali emas. Chunki elektromobilni bitta zaryadlashning o'zida 200 kilovattli ijtimoiy normadan oshib ketiladi. Shu bois, bu borada ham maqbul yechimlar ustida ishlanyapti. O'tgan yili elektromobilni uyda quvvatlashni rag'batlantiradigan tungi tarif joriy qilinishi aytilgandi.

    Mahalliy qurilmani ommaviy o'rnatish boshlangan

    Elektromobil quvvatlash stansiyalaridan foydalanganda, qurilmaning qayerda ishlab chiqarilganiga hech e'tibor bermas ekanman. Ammo yozuvlar xitoycha yoki inglizcha ekaniga ko'zim tushgan. Nima uchun o'sha qurilmalarning ayrimlari ancha vaqtdan beri ishlamay yotganini endi tushundim. Tadbirkor Xitoydan mutaxassislar kelib, tuzatib berishini kutayotgan bo'lsa kerak. Shularni o'ylab, mahalliy mahsulot ancha qulay ekani, sifati va servis xizmatini istalgan vaqtda talab qilib olish imkoniyati borligi haqida o'yladim.

    — Aholiga qulaylik yaratish maqsadida 2024-yil yanvar oyidan boshlab, yurtimiz bo'ylab o'zimizda ishlab chiqarilgan zaryadlash stansiyalarini ommaviy tarzda o'rnatish ishlari boshlangan, — deydi Umid Axmadov. — Bugungi kungacha Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shaxri va respublikamizning barcha viloyatlarida jami 78 ta kuvvatlash qurilmalari o'rnatilgan bo'lib, ularning asosiy qismi aloxida nimstansiyalar va energiyatejovchi transformatorlar bilan tarmoqqa ulangan. Quvvatlash qurilmalarini masofadan boshqarish uchun esa korxona muxandislari tomonidan maxsus mobil ilova va boshkarish tizimi yaratilgan. Dasturiy ta'minot orqali stantsiyalarning ishlashi, holati kuzatib boriladi. Texnik xizmat ko'rsatish zarurati bo'lsa, muhandis joyiga borib, qurilma holatini tekshirib, zaruriy sozlash ishlarini olib boradi.

    Mahalliy zaryadlash stantsiyalaridan foydalanishning aholi uchun ham qulayliklari bor. Ular Davlat solik qo'mitasining fiskal cheklari operatorining yagona tizimida ro'yxatga olingan, QR-kodlari asosida “Cashback” olish imkoniyati yaratilgan.

    Bular haqida bilgach, o'zimizning mahalliy zaryadlash qurilmalaridan foydalanishni maqsad qildim. Maxsus mobil ilovani yuklab olib, stantsiyalar joylashgan manzillarni belgilab qo'ydim. Chunki mutaxassisning aytishicha, ushbu qurilmalarda elektromobilni quvvatlantirish narxlari ham nisbatan arzonroq ekan. Asosiysi, elektromobili bor odamlarni endi quvvatlash stansiyalari muammosi o'ylantirmaydi, degan umiddaman. Har holda, talabga yarasha taklif berishga kirishilgan.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 07.06.2025-yil, 115-sonida e'lon qilindi)