Elektromobillarni zaryadlash stansiyalari soni ham ortib bormoqda. Respublikamizning barcha hududlaridan elektromobillarni zaryadlash qurilmalarini topsa boʻladi. Biroq ekologik jihatdan foydali boʻlgan transport vositalarining uzoq hududlarda ham ommalashuvini taʼminlash maqsadida e-auksion.uz elektron savdo platformasi orqali elektromobillarni zaryadlash stansiyalarini oʻrnatish huquqini beruvchi koʻchma savdo joylari sotuvga qoʻyilmoqda.
Ayni paytda e-auksion.uz portalida 200 ga yaqin faqat ushbu yoʻnalish uchun moʻljallangan joylar savdoda turibdi. Tadbirkorlar ushbu joylarni sotib olishi va qurilmalarni oʻrnatgan holda oʻz faoliyatlarini kengaytirishlari mumkin. Savdoda yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar ishtirok eta oladi.
Platformada onlayn auksionda ishtirok etib, gʻolib boʻlgan shaxs nomiga gʻoliblik bayonnomasi rasmiylashtiriladi.
Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish istagida boʻlgan hamyurtlarimizga 37 mingga yaqin koʻchma savdo joylari uchun onlayn savdoda ishtirok etishni va tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishlarini taklif etamiz.