Bugun Elektron hukumatning Yagona identifikatsiya tizimi (my.gov.uz) orqali roʻyxatdan oʻtish onlayn tarzda maʼlumotnoma, ruxsatnoma, litsenziyalar olish, davlat tashkilotlari qabuliga masofadan navbatga yozilish hamda 200 dan ortiq davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish imkonini beradi.

Portalga kalit soʻzlar orqali kirib, soʻng xizmatlarni qidirishga oʻtiladi. Tanlangan xizmatlar boʻlimiga eng koʻp foydalanadigan xizmatlarni jamlash orqali tizimni oʻzimiz uchun yana-da qulaylashtirish mumkin.

Muhimi, foydalangan xizmatlar va toʻlovlar tarixi toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlar doimo qoʻl ostingizda boʻladi.

Toʻlovlarni osonlashtirish maqsadida jarimalar, qarzdorliklar, boshqa davlat bojlari hamda yigʻimlar uchun bank plastik kartasini tizimga kiritib, ishni toʻlov servislari orqali ham amalga oshirish imkoniyati mavjud.

Shuningdek, avtotransport toʻgʻrisidagi maʼlumotni kiritgach yoʻl harakati qoidabuzarligi uchun yozilgan jarimalar mavjudmi yoki yoʻqligini avtomatik tarzda tekshirib borsa boʻladi.

Yana portal Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimiga bormasdan turib, onlayn tarzda respublika boʻyicha doimiy va vaqtincha roʻyxatdan oʻtish imkoniyatini ham taqdim etadi.

Agar ilovani mobil telefoningizga yuklab olsangiz, istalgan vaqtda eng kerakli davlat xizmatlaridan foydalanishingiz mumkin. Eʼtiborlisi, tizim barcha turdagi qurilmalar uchun qulay qilib yaratilgan. Sayt koʻrinishi esa ekranning istalgan oʻlchamiga moslasha oladi.

Eslatma: portal va mobil ilovadan foydalanish jarayonida yuzaga kelgan davlat xizmatlari bilan bogʻliq takliflar, savollar yoki xatoliklar boʻyicha “Sall-markaz” mutaxassislariga murojaat eting.

https://youtu.be/qYJUazk69pw