Chunki sanoat barqarorligi iqtisodiy oʻsishga bevosita taʼsir qilibgina qolmay, innovatsiyalarni ragʻbatlantirishda, mehnat bozorini rivojlanishiga va zamonaviy jamiyat qurilishida mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi.
Kichik biznes sektorining kengayishi mahalliy sanoat bozoridagi raqobatbardosh muhitni yaratish bilan birga korxona va tashkilotlar bandligini taʼminlash uchun yanada chuqurroq va barqaror yondashuvni tatbiq qiladi. Bunda bir qator omillar muhim rol oʻynaydi. Xususan, har qanday tadbirkorlik faoliyatining muvaffaqiyat ustunlaridan biri bu taʼminot zanjiridagi ishonchli hamkorlar tarmogʻini shakllantirishdir.
Taʼminot zanjirini samarali boshqarish korxonalar farovonligi garovi boʻlib, buyurtmachi va yetkazib beruvchilarning munosabatlari nafaqat tashkilotning qisqa muddatli maqsadlariga, balki ularning muttasil rivojlanishiga ham katta havf yetkazishi mumkin. Bundan tashqari, ishonchli xaridorlarni va yetkazib beruvchilarni topish, shartnomalar tuzish va sotib olish odatda juda uzoq va murakkab jarayon deb hisoblanib kelingan.
Bu muammoning yechimini topish hamda mahalliy ishlab chiqarish koʻlami va mahsulotlar katalogi turlarini kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzurida erkin savdo maydoni sifatida Elektron kooperatsiya portali tashkil etildi. Portalning maqsadi barcha manfaatdor tomonlarga mamlakatning ichki sanoat salohiyati va imkoniyatlariga yagona kirish imkoniyatini taqdim qilishdan iborat. Buyurtmachilar mahalliy sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlardan tortib turli xil xomashyo, materiallar va butlovchi buyumlargacha boʻlgan mahsulotlarni harid qilish imkoni ega. Portal ishtirokchilari mahsulotlarga ishonchli xaridorlarni topishlari bilan birga, shartnomalarni imzolashda ham koʻmak oladi. Bu esa oʻz oʻrnida sotish va sotib olish jarayolarini soddalashtiradi va ishtirokchilar vaqtini tejaydi.
Xususan, Elektron kooperatsiya portalida 2021-yilda mahalliy korxonalar tomonidan mahsulotlar realizatsiyasi boʻyicha qiymati 11 488,5 mlrd soʻmlik jami 42 649 ta oʻzaro hamkorlik shartnomalari tuzildi. Bunda mahsulot sotib olish boʻyicha yirik tarmoq korxonalarining ulushi 61,3 foizni tashkil qilgan boʻlsa, mahsulot sotish boʻyicha hududlardagi korxonalarning ulushi 51 foizni tashkil etmoqda.
Hududiy va respublika tarmoqlararo yarmarkasi doirasida jami 1 457 ta memorandumlar imzolangan boʻlib, ularning aksariyati “Oʻzbekneftegaz” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va “Oʻzkimyosanoati” AJ tarmoq korxonalariga toʻgʻri keladi. Bunda Toshkent shahri, Toshkent viloyati hamda Buxoro viloyatida joylashgan yetkazib beruvchi korxonalar tomonidan 487 ta memorandum imzolandi.
Ushbu muvaffaqiyat darajasi foydalanuvchilar ishonchidan dalolat beradi va mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻrtasidagi kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, mahalliy ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, kichik biznesni sanoat loyihalariga jalb qilish va Oʻzbekiston iqtisodiyotini har tomonlama rivojlantirish yoʻlida portalning katta salohiyatini koʻrsatadi. Natijada, hozirgi kunda mahalliy ishlab chiqarishning keng imkoniyatlarini va xalqaro miqyosdagi raqobatchilari bilan bemalol raqobatlasha olishini kuzatish mumkin.