Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda joylarda oʻtkazilgan tekshiruvlar davomida qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.
Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ellikqalʼa tumanidagi mahallalardan biridagi hokim yordamchisi 33 nafar fuqaroga imtiyozli kredit mablagʻlari ajratish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida tavsiyanomalar rasmiylashtirib, ular nomiga bankdan jami 1 mlrd. 88 mln. soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratilishiga muvaffaq boʻlgan.
Soʻngra oʻzining tanishi boʻlgan fuqaro nomiga masʼuliyati cheklangan jamiyat tashkil qilib, amalda uni norasmiy tarzda boshqarib, 1 mlrd. 88 mln. soʻmni goʻyoki turli xil mahsulotlar xarid qilish uchun mazkur MCHJ hisob raqamiga oʻtkazgan va naqdlashtirish orqali talon-toroj qilgan.
Bundan tashqari, hokim yordamchisi oʻzining turmush oʻrtogʻi va singlisi nomiga olingan jami 65,9 mln. soʻm kredit mablagʻlarini ham maqsadsiz sarflab yuborgan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167 (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 228-moddalari (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Buxoro viloyatida kuzatilgan holatda esa Gʻijduvon tumanidagi mahallalardan biridagi hokim yordamchisi 26 nafar fuqaroga yirik va mayda shoxli chorva mollari sotib olishlari uchun imtiyozli kredit mablagʻlari ajratish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida tavsiyanomalar rasmiylashtirib, ular nomiga bankdan jami 821 mln. 858 ming soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratilishiga erishgan.
Soʻngra mazkur fuqarolarni aldab, kredit mablagʻlari evaziga taʼminotchi korxonalardan 26 kishi uchun ajratilgan chorva mollarini soxta hujjatlar asosida qabul qilib, ularni boshqa shaxslarga sotib yuborish orqali 821 mln. 858 ming soʻm miqdoridagi mablagʻni talon-toroj qilgan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167 (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 209-moddalari (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.