Davlatimiz rahbarining 2020-yil 17-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida joylarda tuproqning harorati, namligini oʻlchash, koʻklamdan kech kuzgacha oʻsimlikning rivojlanish jarayonini kuzatib, olinadigan hosilni prognoz qilib berish imkoniyatiga ega meteostansiyalar qurish zarurligi belgilangan edi.
Ushbu qaror ijrosini taʼminlash maqsadida “Boʻston” meteostansiyasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Mazkur meteostansiyani oʻrnatilishi fermer va dehqon xoʻjaliklarini agrotexnik tadbirlarni oʻtkazishga oid tavsiyalar bilan taʼminlash imkonini beradi. Chunki meteostansiya agroiqlim bilan bogʻliq koʻrsatkichlarni prognozlashtiradigan bir nechta datchiklar bilan jihozlangan.
Mazkur qurilmalar orqali vegetatsion qatlam va undan yuqoridagi ob-havo harorati, atmosfera bosimi, quyosh radiatsiyasi, havo tezligi va yoʻnalishi, yogʻingarchiliklar, tuproq namligi va harorati, yer osti suvlari darajasi aniqlanadi. Koʻrsatkichlar oʻsimliklarning oʻsishini va hosil boʻlayotgan biomassalarni baholashga koʻmak berib, yerlarda iqlim, suv sharoitlariga mos oʻsimlik navlarini aniqlash va yetishtirish imkonini ham beradi.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri