Emlangan odam boshqalarga COVIDni yuqtirishi mumkinmi?

    Salomatlik 23 Iyul 2021 825

    Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi oʻrinbosari Botir Qurbonovning taʼkidlashicha, vaksina olganlar kasallik tashuvchisi boʻlmaydi.

    Aholining aksariyat qatlamini majburiy vaksinatsiya qilish haqida qaror qabul qilindi. Oʻzbekistonda vaksinatsiya jarayonlariga bugungi kunda alohida eʼtibor berilgan boʻlib, mamlakatda vaksinatsiya jarayoni 1-apreldan boshlangan boʻlsa, hozirgacha kasallanganlar orasida vaksina olgan-tashuvchilar yoki boʻlmasa vaksina olgandan soʻng darhol kasal boʻlib qolganlar mavjud emas.

    Odam vaksina olganidan keyin tashuvchiga aylanmaydi. Lekin vaksina olgandan keyin kasallanganlar bor, bu toʻgʻri. Bundaylarning asosiy qismi vaksina jarayonlarini toʻliq oʻtamagan – yaʼni ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini uchta dozada har 28 kun oraligʻida qabul qilish koʻrsatilgan boʻlsa, bugungi kungacha kasallik qayd etilib, kasalxonaga tushganlarning aksariyati birinchi va ikkinchi dozasini olishga ulgurgan, hali antitanachalar shakllanmagan bemorlardir.

    Bunda vaksina olmaganlar ancha oldin infeksiyani yuqtirib, soʻngra vaksina olganlarga ham kasallik oʻtganligi kuzatilmoqda. Shu bois, emlanganlar boshqalarga kasallikni yuqtirmoqda, degan tushunchadan juda ham yiroq boʻlishimiz kerak. Emlanmaganlar emlanganlar uchun xavf tugʻdirishi ehtimoli esa yuqori. Shu bois barchaga ijtimoiy masofani saqlash va niqob rejimiga amal qilishni tavsiya etib qolaman.

    Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkiloti barchaga – hatto, kovidga chalinganlar hamda infeksiyani yuqtirmaganlarga ham koronavirusga qarshi emlanishni tavsiya etmoqda.

    Taʼkidlash joizki, aksariyat rivojlangan mamlakatlarda ommaviy emlash jarayonidan soʻng vaziyat yaxshi tomonga oʻzgarganini guvohi boʻlib turibmiz. Masalan, Isroil davlatida aholining 80 foizi ommaviy emlangach, noxush epidemik vaziyat qisqa muddat ichida bartaraf etildi va u qulay tus oldi.

    Oʻzbekiston Respublikasida ishlatilayotgan 3 ta vaksinadan kasallik aktiv kechayotgan vaqtdagina foydalanish mumkin emas. Bundan tashqari, autoimmun kasalligi bor bemorlar va surunkali bemorlarning kasallik avj olgan yoki xuruj qilgan vaqtlarida ham vaksina qoʻllash man etiladi. Ammo kasallikni boshdan kechirganlar, “antitanachalarim shakllangan-ku” degan oʻyda, vaksina olish-olmaslik borasida ikkilanishadi.

    Shuni qayd etish kerakki, kasallikdan keyin shakllanadigan immunitet – antitanachalar darajasi – har bir odamda individual shakllanadi. Bu kasallikni qay darajada oʻtkazganiga bogʻliq. Ammo biz kasal boʻlib tuzalgan odamlarga emlanishni tavsiya etamiz. Chunki kasal boʻlib tuzalganlar emlansa, ularning organizmida uzoq muddatga yetadigan immunitet shakllanadi.

    Epidemiya vaqtida virusga, shu jumladan, yangi shtammlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida ommaviy emlanish tavsiya etiladi.

    Oʻzbekiston hududida ishlatilayotgan barcha vaksinalar rekombinant vaksinalar boʻlib, mutatsiyaga uchrashidan qatʼiy nazar barcha turdagi koronavirus infeksiyalariga ishlaydigan tizimda yaratilgan.