Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 3 mart kuni uy-joy qurilish va ipoteka bozorini rivojlantirish chora-tadbirlari bo'yicha videoselektor yig'ilishi o'tkazildi. Unda har doim dolzarb bo'lgan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini uy-joy bilan ta'minlash masalasi ko'rildi.
Ta'kidlash lozim, Qonunchilik palatasi, viloyat, shahar, tuman hokimliklariga aholi tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar asosan uy-joy masalasi bilan bog'liq. Albatta, aholi sonining o'sishi bilan uy-joyga bo'lgan ehtiyoj ham ortib boradi. Ammo, bu murojaatlarni o'z vaqtida hal etish, ehtiyojmandlarning talabini qondirish uchun tizimli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ularni hayotga keng tatbiq etish zarur. Videoselektorda aynan ushbu yo'nalishdagi vazifalar muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Uy-joy inson uchun vatan ichra kichik bir vatan. Shuning uchun bu masalaga yuzaki qarab bo'lmaydi”, – degan edi. Prezidentimiz shundan kelib chiqib, aholining barcha qatlamini uy-joy bilan ta'minlash, bu borada tanlash imkoniyatini kengaytirish zarurligini ta'kidladi. Joriy yilda 54 ming oilani uy-joy bilan ta'minlash rejalashtirilmoqda. Jumladan, davlat ipoteka dasturi doirasida jami 45 mingta uy quriladi.
Albatta, bu juda katta loyiha. Bu vazifani joylarda adolatli tarzda amalga oshirilishini nazorat qilish esa deputatlar zimmasiga ham katta mas'uliyat yuklaydi. Bugungacha ipoteka kreditlari asosida qurilayotgan uylarning narx-navosidan ko'pchilik norozi, kreditlarni qoplash muammo edi. endi qurilishi rejalashtirilayotgan ijtimoiy uy-joylar ajratilishi bu boradagi muammolarni bartaraf etishga imkon beradi. YA'ni, uy-joy qurish va tanlash uchun aholiga va quruvchilarga katta imkoniyatlar berilmoqda.
Joriy yilda ipoteka krediti bo'yicha 6 oylik imtiyozli davr belgilanayotgan bo'lsa, shaharlarda dastlabki badal miqdori 20 foizdan 15 foizga tushirilmoqda. Muhtoj oilalar uchun 15 foizlik dastlabki badalning 10 foizi subsidiya sifatida to'lab beriladi va bu endi uy-joyga muhtojlar soni keskin kamayadi deganidir.
Yana bir jihat: bugungi kungacha qurilish sohasida bu qadar inqilobiy o'zgarishli loyihalar qilinmagan edi. endi uyga muhtojlar tanlov imkoniyati asosida uyli bo'ladi, quruvchilar uchun ham keng imkoniyat yaratiladi, asosiysi, sifat va holat nazorat qilinadi. Bu fikrimizga to'laqonli asos bor. Ayni kunlargacha norozi bo'layotganimiz qurilish sifati pastligi, muhtojlar ro'yxatining adolatli shakllantirilmayotgani, ipoteka kreditlarini qoplashdagi muammolar loyiha orqali o'z echimini topadigan bo'ldi.
Umida RAHMONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati