Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tashabbusi bilan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi tomonidan mazkur qonun loyihasini dastlabki tarzda koʻrib chiqishga bagʻishlangan ishchi guruh yigʻilishi oʻtkazildi.
Unda quyi palata deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Sogʻliqni saqlash, Xalq taʼlimi, Maktabgacha taʼlim vazirliklari masʼullari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Xoʻsh, mazkur qonun loyihasini ishlab chiqishga nima zururat tugʻildi? Murojaatlar bilan ishlashning amaldagi tizimi aholining mavjud muammolarini toʻliq qamrab olish va tezkorlik bilan hal qilish imkonini bermadimi?
Deputatlarning aytishicha, amaldagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 2014-yil 3-dekabrda qabul qilingan. Unda jamoaviy murojaatga tarif berilmagan, qonun loyihasida jamoaviy murojaat bir yoki bir nechta masala boʻyicha uchdan kam boʻlmagan shaxsning murojaati deb ochib berilmoqda. 9-moddada jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tartibi belgilangan boʻlib, davlat organlari tashkilot rahbarlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish kiritilgan.
Bugun hayot shiddat bilan oʻzgarmoqda, odamlarning talablari, istaklari oʻzgarmoqda.
– Bugun “xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ezgu tamoyil davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishi etib belgilangan, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavjuda Hasanova. – Ayniqsa, joylarda barcha darajadagi rahbarlar bilan jonli muloqotlar va sayyor qabullar yoʻlga qoʻyilgani odamlarda muammolarini hal qilish mumkinligiga katta umid va ishonch uygʻotdi. Ammo hozirgi davr murojaatlar bilan ishlashda yangicha tizimda ishlashni taqozo etayotgani sababli bir guruh deputatlar tashabbusi bilan mazkur qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasini ishlab chiqishda xorijiy tajribalar, xususan, “Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Belarus, Qirgʻiziston, Ozarbayjon Respublikalarining ushbu sohani tartibga soluvchi qonun normalari oʻrganib chiqilgan. Qonun loyihasiga koʻra, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonunning 3, 9, 13, 21, 231, 241–moddalariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Qonun loyihasida fuqarolarni videokonferensiyaaloqa orqali qabul qilish tartibi kiritilmoqda. Bu oʻz navbatida, ikki tomonlama muloqotni yoʻlga qoʻyishga imkoniyat beradi.
Yigʻilishda qonun loyihasi ishchi guruh tomonidan qizgʻin muhokama etilib, deputatlar tomonidan kelib tushgan takliflar asosida yanada takomillashtiriladigan boʻldi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati.