Bu haqda yaqinda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining “Transport vositalarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilandi.

Qarorga koʻra, 2026-yildan “A1” kichik toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlarga haydovchilarni tayyorlash majburiy oʻquv dasturini oʻtamasdan turib, toʻgʻridan-toʻgʻri nazariy va amaliy imtihonlarni topshirish huquqi beriladi. Bunda talabgorlar oʻzlarining ixtiyoriga koʻra oʻquv kurslarida (onlayn yoki oflayn shaklda) oʻqishi yoxud mustaqil tayyorlanishi mumkin boʻladi.

Haydovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlardan haydovchilarni tayyorlash oʻquv dasturi boʻyicha oʻqishni tugatgani haqida guvohnoma talab etilmaydi.

“A”, “B”, “C”, “D” toifadagi avtomototransport vositalaridan birini boshqarish huquqini beruvchi milliy haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlgan shaxslar “A1” kichik toifadagi transport vositalarini toʻgʻridan-toʻgʻri boshqarish huquqiga ega boʻladi.

“A1” kichik toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini beradigan milliy haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy imtihonda 20 ta savoldan kamida 16 tasiga toʻgʻri javob bergan haydovchilikka nomzodlar amaliy imtihonga qoʻyiladi (boshqa toifalar uchun 18 ta).

2026-yil 1-fevraldan “A” va “B” toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqini olish uchun talabgorlar haydovchilarni tayyorlash boʻyicha majburiy oʻquv dasturining nazariy qismini mustaqil oʻzlashtirishi mumkin boʻladi.

“A” va “B” toifadagi transport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash oʻquv guruhlarini Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatida roʻyxatga olish tartibi bekor qilinadi.

2026-yil 1-apreldan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlari orqali qayd etilgan tegishli yoʻl harakati qoidabuzarliklari uchun ham jarima ballari hisoblanadi.

Jarima ballarini transport vositasining mulkdori va mazkur transport vositasidan fuqarolik-huquqiy munosabatlar asosida belgilangan tartibda (ishonchnoma, sugʻurta polisi, yoʻl varaqasi) foydalanuvchi boshqa haydovchilarga taqsimlash tartibi joriy etiladi.