Iymona hozir toʻrt yoshda. U tugʻma yurak nuqsoni borligi sabab harakati anchagina sust, ishtahasi yaxshi emasdi. Agar bolaligiga borib oʻyinqaroqlik qiladigan boʻlsa, nafas olishi ham biroz qiyinlashib qolardi. Bu holatning vaqtida oldini olish uchun ota-onasi bir necha bor uni shifokorlarga olib bordi. Ammo har doim bir xil javob: bolani faqat jarrohlik yoʻli bilangina davolash mumkin.
Jajjigina qizaloqni jarrohlik stoliga yotqizishga ota-onaning yuragi dosh bermasdi. Lekin vaqtida oldi olinmasa, oqibati yomon boʻlishi aniq. Yana bir jihati, bu operatsiya uchun yaxshigina mablagʻ zarurligini koʻp bor eshitishgan. Eng asosiysi, mablagʻ topishning oʻzi boʻlmaydi. Bir chetda kuzatuvchi boʻlib turishdan yomoni yoʻq. Buning yechimini topishga imkon qadar harakatni boshlagan oila quvonchli xabardan boshlari osmonga yetdi. Yaʼni, yaqinda aynan shu yoʻnalishda Qarshi shahridagi viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida yangilikka qoʻl urilgani barchaga ovoza boʻldi. Tajribali shifokorlar koʻmagida bolalar kardiojarrohlik boʻlimi tashkil etildi. Bu xushxabarni eshitgan Iymonaning ota-onasi ham shu yerga murojaat qilishdi.
Shifokorlar tomonidan yaxshilab koʻrikdan oʻtkazilgan qizaloqni jarrohlik amaliyotiga tayyorlashga kirishildi. Belgilangan muddat va yaxshi tayyorlovdan soʻng qizaloq operatsiya qilinib, yuragidagi tugʻma nuqsoni bartaraf etildi.
Farzandi katta bir darddan forigʻ boʻlgan ota-onaning quvonchini bir koʻrsangiz edi. Jarrohlik amaliyotidan koʻzlari kulib chiqqan Iymonaning yaqinlari shoshgancha bor-budini koʻtarib, pul toʻlamoqchi boʻlishganida, amaliyot bepul, davlat hisobidan bajarilganini eshitishib, hayratda qolishdi. Bir muddat ishonishmadi ham.
— Qizim tugʻilganidan beri bu darddan qanday qutularkin, deya oʻylab yurardim, — deydi Iymonaning onasi Aziza Mamatova. — Qarshi tumani Hilol qishlogʻidan kelganmiz. Toʻrt yildan beri shu kasallik bilan kurashamiz. Shifokorlar Samarqand yoki Toshkent shahrida bolalar kardiojarrohlik amaliyoti oʻtkazilishini maʼlum qilishgandi. Endi uzoq boʻlsa-da, Toshkentga olib borishni maqsad qilib turgandik. Viloyatimiz markazida bu boʻlimning ochilishi biz uchun juda ajoyib boʻldi. Bundan tashqari, operatsiya bepul oʻtkazilgani oilamiz uchun katta yordam boʻldi. Shifokorlarimizning qoʻli dard koʻrmasin.
Hali ochilganiga koʻp boʻlmagan bolalar kardiojarrohlik boʻlimida hozirgacha yuragida tugʻma nuqsoni mavjud besh bolada jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Oʻtgan haftada toʻrt yoshli Iymona bilan birga Yakkabogʻ tumanidan kelgan yetti yoshli Boburjon hamda Asliddinbekda ham jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Bugun ularning salomatligi joyida. Har kuni shifokorlar nazoratida boʻlib, sogʻligʻi ijobiy tomonga oʻzgarayotganini aytishmoqda.
— Bu boʻlim oʻz vaqtida va kerakli manzilda ochildi, — deydi bolalar kardiojarrohlik boʻlimi bosh shifokori Rahmatilla Ravshanov. — Bugun koʻp bolalar tugʻma yurak nuqsonlilar hisobida roʻyxatda turadi. Shu bois, hozirga qadar bu jarrohlik amaliyotiga muhtoj boʻlgan qashqadaryoliklar koʻproq Samarqandga yoki Toshkent shahriga borishgan. Bu esa koʻpgina sarsongarchiliklarni keltirib chiqargan. Oʻzim bir muddat Samarqand shahridagi bolalar kardiojarrohlik boʻlimida ishladim. U yerda barcha imkoniyatlar yaratilgan. Lekin Qashqadaryo aholisi uchun u yerga borishda ancha noqulayliklar boʻlayotgani guvohi boʻlib, shu yerda maxsus boʻlim ochishni maqsad qildik. Hozir bizda, birinchi navbatda, kardiojarrohlik kadrlari yetishmovchiligi muammo boʻlayotgandi. Buning ham imkonini topdik. Xorijda yoki boshqa hududlarda ishlayotgan shifokor doʻstlarimizni shu yerga ishga taklif qilyapmiz. Turkmanistonlik hamkasbim Nazar Jumayev kuni kecha jamoamizga qoʻshildi. Qisqa fursatlarda boshqa shifokorlar ham yetib kelishadi. Shu paytgacha oʻtkazilgan jarrohlik amaliyotlarida esa poytaxtdagi shifoxonalar mutaxassislari koʻmagiga tayandik. Endi bunga ehtiyoj boʻlmaydi, degan umiddamiz.
Rahmatilla Ravshanov shu vaqtgacha Rossiyaning Qozon shahrida oʻquv amaliyoti oʻtash bilan birga, bir muddat tajriba oshirdi. Oʻtgan yili egallagan bilimini oʻz yurtida qoʻllash maqsadida Samarqandga kelib ishladi. Asli Koson tumanida tugʻilib oʻsgani bois, keyinchalik Qashqadaryoda bu yoʻnalishni ochishga qoʻl urdi. Boʻlim uchun tibbiy jihozlar kerak boʻlardi. Yosh shifokor buning ham uddasidan chiqdi. Hech ikkilanmasdan “Ochiq byudjet” loyihasining birinchi mavsumida oʻz tashabbusini ilgari surib, bir milliard ikki yuz million soʻmlik tibbiy uskunalar olish uchun ovozga qoʻydi. Bu harakatni shifoxona jamoasi qoʻllab-quvvatlab, yetarli ovoz toʻplagan holda gʻoliblikni qoʻlga kiritishdi. Natijada kardiojarrohlik uchun eng zarur boʻlgan uskunalar sotib olinib, bu boradagi muammo ham hal boʻldi.
— Rahmatilla aka bilan Rossiyada birga ishlaganmiz, — deydi turkamanistonlik kardiolog Nazar Jumayev. — U kishi yaqinda Qarshi shahrida yangi boʻlim ochilganini aytib, meni bu yerga ishga taklif qildi. Shu sabab bugun yurtingizda ish boshlash arafasida turibman. Rosti, Oʻzbekistondagi yangilanishlarni koʻrib, tibbiyotdagi islohotlarga guvoh boʻlib havasim ortdi. Ayniqsa, aholi uchun ancha qulayliklar yaratilib, turmush tarzini yaxshilash borasida qilinayotgan ishlar maqtovga loyiq. Albatta, shu qatorda odamlar oʻrtasida tibbiy madaniyatning yuksalib borayotgani ham katta yutuq, deb oʻylayman. Xalqlarimiz azaldan birodar, yaqin qoʻshni va qarindosh boʻlib yashab keladi. Oʻylaymanki, bu anʼana abadiy davom etadi. Qolaversa, tibbiyot sohasida ham hamkorligimiz kengayib, qardoshlik aloqalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Bolalar kardiojarrohlik boʻlimi bosh shifokorining bildirishicha, bu yerda yaqin kunlardan boshlab har oy yuragida nuqsoni bor oltmish nafargacha bolada operatsiyalar oʻtkaziladi.
Akbar RAHMONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri