Endi operatsiyadan soʻng kesmalar oʻrni ikki barobar tezroq bitishi mumkin

    Xitoylik olimlar jarrohlik amaliyotidan soʻng teridagi kesmalarning oʻrni bitish jarayonini tezlashtirish ustida ilmiy izlanish olib bordi. Yakunda elektrlashtirilgan iplardan foydalanish operatsiyadan keyingi choklar oʻrni tuzalishini jadallashtirishi maʼlum boʻldi.

    Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

    Tajribalar shuni koʻrsatdiki, kuchsiz elektr toki toʻqimalarning yangilanishiga yordam beradi.

    Buning uchun tadqiqotchilar organizm tomonidan zararsiz ravishda soʻriladigan va biologik parchalanuvchi polimerlar hamda magniydan tarkib topgan maxsus iplarni ishlab chiqdi.

    Operatsiya qilingan soha atrofidagi mushaklar va boshqa toʻqimalar harakatlanganda, chokning oʻrta qatlami tashqi qoplamaga ishqalanib, elektronlar oʻtkazadi. Hosil boʻlgan 2,3 voltga teng elektr toki kesmaning bitishiga yordam beradi.

    Bu usul jarohat oʻrni tuzalishini 50 foizga tezlashtirishi aniqlandi. Qolaversa, elektr toki dezinfeksiyalash vositalarisiz ham kesilgan joydagi bakteriyalar koʻpayishiga toʻsiq boʻladi.

    Hozircha yangi texnologiya jonivorlarda tajribadan oʻtkazildi va ijobiy natijaga erishildi. Navbatdagi klinik sinovlardan soʻng mazkur usul tibbiy amaliyotda qoʻllanilishi mumkin.