Rossiya Federatsiyasi IIVning maʼlum qilishicha, migratsiya sohasida ishlab chiqilayotgan yangi qonun chet el fuqarolarining mamlakatga kirib kelishi, mamlakat hududida boʻlishi va vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishini tartibga soladi.
Yangi qonun loyihasiga Rossiya Federatsiyasi IIVning Migratsiya masalalari boʻyicha bosh boshqarma boshligʻi oʻrinbosari K.Adzinov izoh berib, migratsiya sohasidagi qoidalarni tubdan oʻzgartiradigan katta qonun yozilayotgani, bu chet el fuqarolarining mamlakatga kirishi, mamlakat hududida boʻlishi, ishlashi bilan bogʻliq huquqiy munosabatlarga taʼsir qilishi va hozirda amalda boʻlgan qator hujjatlarni bekor qilishini aytgan.
Xususan, Rossiya Federatsiyasi hududiga kirishning ikkita asosiy turi boʻladi: viza bilan va vizasiz. Hozirda chet elliklar uchun rasmiylashtirilayotgan barcha hujjatlar oʻrnini bosadigan yagona hujjatni joriy etish rejalashtirilyapti. Shuningdek, majburiy tibbiy sugʻurta doirasida mehnat migrantlariga tibbiy yordam koʻrsatish va tibbiy vizalar olish qoidalarini aniqlashtirish ham nazarda tutilgan.
Migratsiya toʻgʻrisidagi yangi qonun 2024-yilda kuchga kirishi mumkin, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.