«Hokimlar eshitib olsin: bu mablagʻlar infratuzilmani yaxshilash orqali kambagʻallik va ishsizlikni 2 karra qisqartirishga xizmat qilishi shart.
Ushbu tuman hokimlari aholisiga murojaat qiladi. Qaysi mahallada nechta odamni ishli qilib, qancha oilani kambagʻallikdan chiqarishini mahallama-mahalla yurib tushuntiradi.
Shuncha mablagʻ bergandan keyin tuman hokimi xalqning oldida masʼuliyat olib, javob bersin. Hokimlikning faoliyatiga xalqning oʻzi baho bersin», – dedi davlatimiz rahbari.

Endilikda hududlarni sanoat, qishloq xoʻjaligi va servisdagi “solishtirma ustunligi”dan kelib chiqib rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari bu tizimni Furqat va Dehqonobod tumanlari misolida tushuntirib berdi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga 70 ta tuman va 1 mingta “ogʻir” mahallalarning “solishtirma ustunligini” tahlil qilib, ish oʻrni va daromadini koʻpaytirishga turtki beradigan infratuzilma loyihalari boʻyicha alohida dastur qilish va moliyalashtirishni boshlash topshirildi.

Har bir tumanda 5-10 ta mahallani bogʻlaydigan 1-2 gektarli sanoat zona va klasterlar tashkil qilinib, 100 ming nafar odam uchun ish oʻrinlari yaratilishi belgilandi.