Qodirov tarmoqda videosi tarqalgan, shou-biznes vakillari boʻlgan vagonda sovitish tizimi ishlamaganiga izoh berdi. Uning soʻzlariga koʻra, muqobil energiyada ishlashga moslashtirilmagan 100 ta vagon ekspluatatsiyadan chiqariladi, chunki ular vokzalda turgan vaqtda elektr energiyasi bilan taʼminlanmaydi, faqat poyezd yurganidan keyingina generator ishlab, tok beradi.
«Har yili ikki oy davomida juda issiq boʻladi. Haroratning keskin oshishi natijasida “posadka” vaqtida [konditsioner] ishlamay turadi, xalqning eʼtirozlari toʻgʻri. Poyezd yurgandan keyin ishlashni boshlaydi.
Biz 320 ta yoʻlovchi vagonini ishlatamiz. Bu – texnika. Mana, artistlarimiz chiqishdi, buzilib qoldi, ishlamayapti deb. Texnika, kompressorlar ham 40 gradusdan keyin qizib ketadi. Chunki vagonlarimiz 35-yil ishlagan, ayrimlarida konstruktiv jihatdan konditsioner umuman koʻrsatilmagan, oʻrnatilmagan, 54 voltda yuradi. Kim hozir Xorazm yoʻnalishida yurgan boʻlsa, tarkib tubdan yangilangan, hammasida konditsioner bor.
Endi biz dizel poyezdlar yaratyapmiz. Oldida dizel boʻladi, siz chiqsangiz, vokzalda turgan paytda ham ichida harorat ushlab turiladi. Muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarib, taʼminlab turiladi. Biz shu narsa boʻyicha oʻzimiz kurashyapmiz. Lekin buzilib qolish holatlari, bu – texnika. 320 ta vagondan boring 2-3 tasi buzilib qolishi holati ham boʻlishi mumkin, bu – texnika. Biz har doim choralarini koʻrib turamiz», – dedi Qodirov.