Davlatimiz rahbari bundan buyon yigʻilishlar har bir soha korxonalari vakillari bilan uchrashuv tarzida, ularni qiynayotgan masalalarga yechimlari bilan oʻtkazilishini taʼkidladi.

Oʻtgan yili 23 million tonna meva-sabzavot yetishtirildi, oziq-ovqat sanoatida 86 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi. Hisob-kitobga koʻra, buncha mahsulotni oʻzidan 5 milliard dollarlik eksport qilsa boʻladi.

Lekin iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi komplekslari mutasaddilari va hokimlar ishni toʻgʻri tashkil qila olmagani, eksportchilar muammosini hal qilmagani uchun eksport 2 milliard dollardan oshmagani qayd etildi.

Yigʻilishga eng faol 100 dan ziyod eksportchi-tadbirkorlar va logistika korxonalari vakillari taklif qilingan.

Prezident topshirigʻiga muvofiq, ularning muammolari va takliflari oʻrganildi.

Davlatimiz rahbari yigʻilganlarga “soha uchun yana qanday sharoit kerak, joriy yilda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat eksportini 3,5 milliard dollarga yetkazish uchun nimalar zarur” degan savollarga birgalikda javob topishni taklif qildi.