Buning uchun Sogʻliqni saqlash vazirligining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi tomonidan internet tarmogʻi orqali yagona roʻyxatdan oʻtish va shifokor qabuliga yozilish imkoniyatini beruvchi “Elektron poliklinika” tizimi ishlab chiqilgan va joriy etilgan. Yaʼni reg.ssv.uz sayti orqali shifokor qabuliga onlayn yozilish imkoniyati mavjud.

Ushbu tizim yordamida fuqarolar oʻzlari uchun qulay vaqtda, uydan chiqmagan holda shifokor qabuliga yozilishlari, shifokor va muassasa haqida maʼlumotlar olishlari, shuningdek, olingan tibbiy xizmatlar sifatini baholashlari mumkin boʻladi. Poliklinikalar uchun ushbu tizimning afzalliklari – maʼlumotlarni avtomatlashtirilgan roʻyxatdan oʻtkazish, oilaviy poliklinikalarda yagona elektron ambulatoriya tibbiy kartasini yuritish imkoniyatidir.

Bugungi kunda “Elektron poliklinika” axborot tizimiga Toshkent shahri va viloyatlardagi koʻplab oilaviy poliklinikalar ulangan boʻlib, butun respublika hududi boʻylab poliklinikalarni tizimga ulash ishlari davom ettirib kelinyapti.

Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.