Holat boʻyicha Energetika vazirligi axborot xizmati maʼlumot berdi.
Energetika vazirligiga quyosh panellari boʻyicha, 7-oktyabr kunning ikkinchi qismidan boshlab, 8-oktyabr soat 20:30 ga qadar vazirlik qabulxonasiga jami 1232 ta qoʻngʻiroq boʻlgan.
Ularning 131 tasiga qabulxona xodimlari hamda vazirlik Axborot xizmati tomonidan qabul qilinib, javob berilgan. Bitta qoʻngʻiroqqa oʻrtacha 3 daqiqadan 6 daqiqagacha vaqt sarflangan. Mazkur vaqt oraligʻida qabulxonaga yana 4-8 ta atrofida qoʻngʻiroq boʻlib turgan. Qabulxonada bir kishi telefonga javob berganligi sababli ularni qabul qilishning imkoni boʻlmagan.
Qabul qilingan qoʻngʻiroqlarning 54 tasi quyosh panellarining afzalliklari, uni oʻrnatishga davlat tomonidan qanday imtiyozlar berilishi, quyosh panelini qayerda arzon sotib olish mumkinligi toʻgʻrisidagi savollardan iborat boʻlgan. 28 ta qoʻngʻiroq egasi mahallasidagi elektr tayanch ustuni hamda elektr uzatish havo tarmogʻining eskiligini aytib, yangilashda yordam soʻragan. 31 ta qoʻngʻiroq quyosh paneli oʻrnatishga majburlanayotganini aytgan fuqarolardan tushgan boʻlib, ularning 14 tasi bu hodisa bir necha kun avval boʻlganini bildirgan. Ularning 6 nafari Energetika vazirligining “Quyosh paneliga majburlash yoʻq” nomli materialini asos qilib keltirgan holda, bugungi kunda elektr energiyasini yoqtirib olishganini maʼlum qilgan, 8 nafar murojaatchi esa quyosh paneli qoʻyganini, bugungi kunda elektr energiyasi mavjudligini, ammo bunga majburlanganidan norozi ekanini aytgan. Shu bilan birga, oʻrnatilgan quyosh paneli foydali ekanini his qilganliklarini ham bildirib oʻtishgan.
Qolgan 18 ta qoʻngʻiroqning 6 tasi vazirlik qabulxonasi raqami “Haqiqatan ham ishlayaptimi yoki yoʻqmi?” ekanini bilish uchun qilingan boʻlsa, 4 ta qoʻngʻiroq egasi vazirlikka ishga joylashish imkoniyati bilan qiziqqan. 8 ta qoʻngʻiroq egasi Energetika vaziriga rahmat aytish uchun telefon qilganliklarini bildirishgan.
Faqat 17 ta qoʻngʻiroq egasigina bugungi kunda bu borada real muammoga ega ekanligini maʼlum qilgan. Vazirlik xodimlari ularning murojaatlarini oʻrganib, quyosh paneli oʻrnatmagani uchun elektr energiyasidan uzib qoʻyilgan tadbirkorlarning elektr energiyasini ulatib berdi.
Ikki kun mobaynida Toshkent shahrining Sergeli, Yashnobod, Yunusobod hamda Bektemir tumanlari, Sirdaryo viloyatining Boyovut, Surxondaryo viloyatining Bandixon, Fargʻona viloyatining Buvayda, Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanlaridagi bir qator tadbirkorlar elektr energiyasiga qayta ulandi.
Suhbat davomida ularga huquqi tushuntirilib, kelgusida faoliyatlarida yana qandaydir toʻsqinlikka uchrashsa, Energetika vazirligining Axborot xizmati hamda Ijro nazorati va murojaatlar boʻlimiga murojaat qilishlari soʻraldi.
Aytish joizki, 7-oktyabr kuni kechasi soat 23:00 dan 8-oktyabr soat ertalabki 8:00 ga qadar aholidan qabulxonadagi telefon raqamiga 173 ta qoʻngʻiroq boʻlgan va ularning birontasiga javob berilmagan.
“Biz yurtdoshlarimizdan oʻtgan ikki kun mobaynida qabulxonaga juda koʻp telefon boʻlganini, bitta raqam buncha murojaatni qabul qilishda qiyinchilikka duch kelishi tabiiy ekanligini, bu vaqt mobaynida barcha qoʻngʻiroqni qabul qilishga imkoniyat yetmasligini toʻgʻri tushunishlarini soʻraymiz”, — deyiladi xabarda.
Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, 9-oktyabrdan boshlab murojaatlar nafaqat bu raqam orqali, balki +99871-231-16-61 (ichki 7046, 7037 va 7057) raqamlari orqali ham qabul qilinadi.