Energetika vazirligi, viloyat hokimlari va issiqxona xoʻjaliklari oʻrtasida uch tomonlama shartnomalar tuziladi

    Hukumat 11 Avgust 2023 1996

    Ixtiyoriy ravishda koʻmir yoqilgʻisida ishlaydigan issiqxonalarga davlat tomonidan ragʻbatlantirish paketi joriy qilinadi.

    Soʻnggi yillarda issiqxonalar maydoni 3 barobarga koʻpayib, 5,2 ming gektarga yetdi, ularda yetishtirilayotgan mahsulotlar hajmi 90 ming tonnadan 300 ming tonnaga koʻpaydi. Muhimi, issiqxonalar 150 ming aholini yuqori daromadli ish bilan band qilmoqda.

    - Shu bilan birga, qishdagi qattiq sovuqdan eng koʻp zarar koʻrganlardan biri bu – issiqxonachilar. Ularning barcha muammolaridan xabarim bor, - dedi Prezidentimiz.

    Bundan buyon Energetika vazirligi, viloyat hokimlari va issiqxona xoʻjaliklari oʻrtasida uch tomonlama shartnomalar tuzilishi belgilandi. Bunda vazirlik viloyat hokimlari bilan birga yoqilgʻi mahsulotlarini (koʻmir va gaz) issiqxonalarga uzluksiz yetkazib berish kafolatini beradi, issiqxonalar esa yetkazib berilgan yoqilgʻi uchun toʻliq hisob-kitob qilish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, ularni ichki bozorga va eksportga chiqarish boʻyicha majburiyat oladi.

    Ixtiyoriy ravishda koʻmir yoqilgʻisida ishlaydigan issiqxonalarga davlat tomonidan ragʻbatlantirish paketi joriy qilinadi.

    Jumladan, issiqxonalarga maxsus ombor qurish va aylanma mablagʻ uchun 14 foizli kredit liniyasi ochib beriladi, isitish qozonlarini xarid qilish xarajatlarining 20 foizi qoplab beriladi.

    Tabiiy gazda ishlaydigan issiqxonalar aylanma mablagʻlarini toʻldirishga ham 650 milliard soʻm kredit resurslari yoʻnaltiriladi.

    Issiqxonalarda serdaromad mahsulot yetishtirishni koʻpaytirish maqsadida chetdan olib kelinadigan gul tuganaklari, piyozboshlari va qalamchalari 2025-yilga qadar bojxona bojidan ozod qilinadi.

    1 mingta issiqxonaning 2,2 trillion soʻmlik kreditlarini qaytarish muddati uzaytirib beriladi.