Energetika vazirligi: Yunusobod tumanidagi 4-sonli qozonxonada 2-3-iyul kunlari elektr taʼminotida hech qanday uzilish yuz bermagan

    Avvalroq Toshkent shahar “Suv taʼminoti” AJ matbuot xizmati Yunusobod tumanidagi suv toshqinlariga hudud yaqinida joylashgan “Toshkent issiqlik markazi” MCHJga qarashli 4-sonli qozonxonada elektr taʼminoti uzilishi sabab boʻlgani maʼlum qilgan edi.

    Bugun, 2024-yil 3-iyul sanasida Yunusobod tumanining 6- va 7-mavzelarida suv toshishiga oid xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Ushbu hodisa yuzasidan Toshkent shahar “Suv taʼminoti” AJ matbuot xizmati tomonidan voqeaga hudud yaqinida joylashgan “Toshkent issiqlik markazi” MCHJga qarashli 4-sonli qozonxonada elektr taʼminoti uzilishi sabab boʻlganligi keltirilgan.

    “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tarkibidagi “Toshkent issiqlik markazi” MCHJ Toshkent shahar “Suv taʼminoti” AJning mazkur bayonoti haqiqatga mos emasligini bildiradi va 4-sonli qozonxonada 2-3-iyul kunlari elektr taʼminoti bilan bogʻliq hech qanday uzilish yuz bermaganini maʼlum qiladi. Suv toshqiniga qozonxona faoliyatining hech qanday aloqasi yoʻq.

    4-sonli qozonxona 2024-yilning 2-iyulidan 3-iyuliga oʻtar kechasi barqaror va shtat rejimida faoliyat yuritgan. Ayni paytda qozonxonaga suv taʼminotining yetarli darajada yetkazib berilmayotganligi sababli mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib ishlab chiqarish hajmi pasaytirilgan.