Svet va gaz qarzdorligini yoʻq qilib berishni vaʼda qilgan gazchi va hisobchi ushlandi

    Olmaliq shahar ETK hisobchisi va “Bulungʻur tumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi mahallada ishlash xizmati gazchisi fuqarolarning elektr va gaz taʼminotidagi qarzdorliklarini yoʻq qilib berish ulardan evaziga pora olgan.

    Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bulungʻur tumani boʻlimi hamda DXX xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Bulungʻur tumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi mahallada ishlash xizmati gazchisi S.X. fuqaro M.B.ning xonadonida koʻrik davomida tabiiy gaz taʼminotidan aniqlangan 1,6 mln soʻm zararni 14 mln soʻm ekanligini aytib, goʻyoki ushbu zarar miqdorini kamaytirib berishi evaziga M.B.dan 4,4 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Shu kabi, Departamentning Olmaliq shahri boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Olmaliq shahar ETK hisobchisi Z.A. fuqaro D.N.ning “Doʻstlik” MFYdagi uyining elektr taʼminotidan 5 mln soʻm qarzdorligini yoʻq qilib berishi evaziga 3 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.