Energiya samarador qurilmalarni xarid qilganlarga subsidiya ajratiladi

    Joriy yil 24-oktyabrda “Aholi uy-joylarini energiya auditidan oʻtkazish, energiya samarador qurilmalarni xarid qilish va oʻrnatishda subsidiya ajratish toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.

    Nizom aholi uy-joylarini energiya auditidan oʻtkazish xarajatlarini toʻliq qoplash, quyosh panellari, geliokollektorlar, issiqlik nasoslari hamda boshqa maishiy isitish qozonlari, qurilma va uskunalarni xarid qilish va oʻrnatish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibini belgilaydi.

    Subsidiya talabgorga aholi uy-joylariga energiya samarador qurilma va uskunalar energiya auditori xulosasi asosida oʻrnatilganda beriladi.

    Talabgor tomonidan qurilma va uskunalar xarajatlari uchun toʻlovlar subsidiya ajratiladigan qism chegirib tashlangan holda amalga oshiriladi. Qurilma va uskunalar xarajatlarining subsidiya qilinadigan qismi Energiya samaradorligi milliy agentligi tomonidan yetkazib beruvchiga toʻlab beriladi.

    Subsidiya quyidagi miqdorlarda ajratiladi:

    • aholi uy-joylarini energiya auditidan oʻtkazish xarajatlarining 100 foizi miqdorida;
    • aholi uy-joylariga quyosh panellari, geliokollektorlar hamda boshqa maishiy isitish qozonlari, qurilma va uskunalarni xarid qilish va oʻrnatish xarajatlarining 20 foizi miqdorida;
    • aholi uy-joylariga issiqlik nasoslarini xarid qilish va oʻrnatish xarajatlarining 40 foizi miqdorida, bunda ushbu yoʻnalishda ajratiladigan subsidiya miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmasligi lozim.

    Agar talabgor tijorat banklaridan “yashil” kreditlarni olish maqsadida uy-joylarni energiya auditidan oʻtkazish soʻrovini yuborish orqali shartnoma rasmiylashtirganda, shartnoma mablagʻi 100 foiz miqdorda oldindan oʻtkaziladi va platformada vaqtincha band qilinadi.