Yangi tahrirdagi qaror bilan aholi isteʼmolchilari va tadbirkorlik subyektlariga bir qator qulayliklar yaratilmoqda.
Xususan, qarorning elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga koʻra, isteʼmolchilarga tasarrufidagi mavjud eski elektr qurilmalarini yangi energiya tejamkor qurilmalarga almashtirish natijasida iqtisod qilingan elektr energiyasi hajmiga 3-yil davomida amaldagi tarifga nisbatan 15 foiz chegirma beriladi.
Bunda:
Isteʼmolchilar elektr qurilmalarni almashtirish jadvali va uning natijasida erishiladigan iqtisodni nazarda tutuvchi dasturni taqdim etgandan soʻng, “Oʻzenergoinspeksiya” 10 kun muddatda ushbu dasturning asoslanganligini koʻrib chiqadi va natijasi boʻyicha kelishadi yoki asoslantirgan holda kelishishni rad etadi;
tasdiqlangan dasturga asosan amalga oshirilgan ishlar natijasida iqtisod qilingan elektr energiyasi hajmi energiya auditor tomonidan oʻrganiladi va ushbu hajmlar boʻyicha xulosa beriladi;
energiya auditor xulosasi “Oʻzenergoinspeksiya” va hududiy elektr taʼminoti korxonasiga taqdim etiladi va ijobiy xulosa taqdim etilgan kundan boshlab chegirmalar qoʻllaniladi.